AQShda prezident xavfsizligi har doim yuqori darajada ta’minlanadi. Biroq ana shunday vaziyatda ham Qo‘shma Shtatlar rahbarlariga ko‘p marta suiqasd uyushtirilgan. Oqibatda ularning bir necha nafari halok bo‘lgan. Yana to‘rt nafari yarador bo‘lgan va tirik qolgan.

2026 yil 25 aprel kuni Vashingtondagi Washington Hilton mehmonxonasida Oq uy muxbirlari va Donald Tramp ishtirokidagi tadbir chog‘ida otishma ro‘y berdi. Hodisada AQSh prezidentiga hech narsa qilmadi va uni qo‘riqlayotgan maxfiy xizmat xodimi yaralandi.

Mahalliy vaqt bilan 20:36 da maxfiy xizmatning mehmonxona hollida o‘rnatilgan nazorat-o‘tkazish punktiga qurollangan shaxs bostirib kirib, huquq-tartibot organlari xodimlari bilan otishmaga kirishadi. Uni tezda yerga yotqizib, qo‘liga kishan taqishadi.

Otishma chiqqan paytda Tramp, uning ma’muriyati vakillari hamda jurnalistlar konferens-zalda o‘tirgandi. Maxfiy xizmat xodimlari darhol prezident va uning rafiqasini olib ketadi. Qolganlar stol ostiga yashirinadi.

Ayrimlar bo‘lib o‘tgan hodisani Trampga suiqasd deb hisoblamoqda. Hujum qilgan qilgan shaxs, 31 yoshli Koul Allen dastlabki so‘roqda Trampni emas, uning ma’muriyati vakillarini nishonga olganini aytgan.

Balki Allen to‘g‘ri aytayotgandir, Tramp uning nishoni bo‘lmagandir. Biroq Vashington sudi otishma sodir etgan shaxsga nisbatan prezidentga suiqasd ayblovini qo‘ydi.

alamy.com

Trampga avvalroq, aniqrog‘i 2024 yil 13 iyulda ham suiqasd uyushtirilgandi. O‘shanda o‘z tarafdorlari oldida chiqish qilayotganda unga 20 yoshli Tomas Kruks miltiqdan bir necha marta o‘q uzadi.

O‘qlarning biri Trampning qulog‘ini biroz yaralaydi. Boshqa bir o‘q 50 yoshli shaxsning o‘limiga sabab bo‘ladi. Voqealar rivojida Trampga suiqasd uyushtirgan Tomas Kruksni AQSh maxfiy xizmati mergani otib o‘ldiradi.

To‘g‘ri, o‘sha paytda Tramp AQSh rahbari emas, prezidentlikka nomzod edi. Shu sababli bu hodisa solnomalarga AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan suiqasd deb yoziladi.