Jahon | 16:05 / 10.02.2024
28864
7 daqiqa o‘qiladi

1991 yildan keyin possovet davlatlaridagi demografik vaziyat qanday o‘zgardi?

Iqtisodiy va harbiy qudrati bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda bo‘lgani iddao qilinadigan SSSR parchalanganiga ham 32 yildan oshdi. Uning o‘rnida 15 ta mustaqil davlat shakllandi. 1989 yilda sobiq ittifoq 289 millionlik aholisi bilan bu borada Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi davlat bo‘lgan.

Ochiq manbalardan olingan surat

Xo‘sh, possovet makonidagi aholi soni o‘tgan davrda qanday o‘zgardi? Kun.uz ochiq statistik ma’lumotlarga murojaat qildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari

Qozog‘iston. Qozog‘iston aholisi 1991 yilda 16,8 mln kishini tashkil etgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmadi va 1994 yildan to 2002 yilgacha aholi soni sezilarli darajada qisqarib bordi va 2001 yil yakunlari bo‘yicha 14,8 mln nafarga tushib qoldi. Bu asosan mamlakatdan ko‘p sonli ruslar, nemislar, chechenlar va boshqa millatlar ko‘chib ketgani bilan ham izohlanadi. Shundan so‘ng mamlakat aholisi kichik farq bilan bo‘lsa-da o‘sa boshladi va 2023 yilning yakuniga kelib 20 mlndan oshdi.

Tojikiston. Tojikiston possovet respublikalari orasida aholi soni o‘sishi bo‘yicha 1-o‘rinda turadi. Xususan, 1991 yilda Tojikiston aholisi 5,3 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 10 milliondan oshdi.

Turkmaniston va Qirg‘iziston. 1991 yil SSSR tarqab ketishi arafasida Qirg‘iziston aholisi 4,4 mlnni, Turkmaniston aholisi esa 3,7 mln kishini tashkil qilgan. Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari kabi Qirg‘iziston va Turkmanistonda ham aholi soni ko‘paygan va mos ravishda har ikkala mamlakatda 7 mln va 6,3 mlndan oshgan.

P.S: Turkmaniston aholi soni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar ochiqlanmaydi, ko‘p manbalarda mamlakatda aholi soni 6,3 mln nafardan oshgani keltiriladi.

1960-2023 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida aholi sonining o‘zgarishi (mln kishi hisobida)

Sharqiy Yevropa mamlakatlari

SSSR parchalangan paytda Rossiyada 148,3 mln, Ukrainada 51,6 mln, Belarusda 10,2 mln, Moldovada 4,4 mln aholi bo‘lgan. Ammo keyingi yillarda ushbu mamlakatlarning barchasida aholi soni sezilarli darajada qisqarib bordi. Xususan, Rossiyada 1996 yildan 2009 yilgacha (148,4 mlndan 141,9 mln nafargacha), Belarusda 1993 yildan 2013 yilgacha (10,1 mlndan 9,4 mln nafargacha) aholi doimiy ravishda kamayib borgan. Keyingi yillarda esa bu ko‘rsatkich turli yillar kesimida o‘zgarib bordi.

Ukrainada 1994 yildan to hozirgi kungacha (51,7 mlndan 41 mln nafargacha), Moldovada esa 1992 yildan hozirga qadar (4,4 mlndan 2,5 mlngacha) aholi sonining qisqarishi davom etmoqda.

Yuqorida nomi keltirilgan mamlakatlarda 1960-2023 yillarda aholi sonining o‘zgarishi (mln kishi hisobida)

Janubiy Kavkaz mamlakatlari

Janubiy Kavkaz mintaqasi Armaniston, Ozarboyjon va Gruziyani o‘z ichiga oladi. Mustaqillikdan keyin ushbu mamlakatlarda aholining o‘sish va kamayish dinamikasi turli omillar ta’sirida har xil shakllandi.

Armaniston. Mustaqillikka erishgunga qadar, Armaniston aholisining o‘sishi barqaror bo‘lgan. 1990 yillardagi iqtisodiy qiyinchiliklar va 1988 yilgi Spitak zilzilasi oqibatlarini bartaraf etish uchun ko‘plab armanlar chet elga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan, bu esa aholi sonining pasayishiga olib keldi. Mamlakatda 1991 yilda 3,6 mln aholi bo‘lgan bo‘lsa, bu 2023 yilga kelib 2,97 mlngacha qisqardi.

Gruziya. Gruziyada ham 1990 yillarda iqtisodiy tanglik va siyosiy noaniqlik aholi sonining kamayishiga sabab bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, 2000 yillarning o‘rta va oxirlariga kelib mamlakat iqtisodiy va siyosiy jihatdan barqarorlasha boshladi. Jumladan, 1991 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda aholi soni 5,4 mlndan 3,7 mln nafargacha kamaygan.

Ozarboyjon. SSSR qulagach, Kavkaz mamlakatlari ichida faqat Ozarboyjonda demografik o‘sish kuzatilgan. Bu qisman yuqori tug‘ilish darajasi va iqtisodiy barqarorlik bilan bog‘liq. Shuningdek, neft va gaz sohalariga kiritilayotgan investitsiyalar tufayli ko‘chib keluvchilar sonining ko‘payishi kuzatilmoqda. Mamlakat aholisi 1991-2023 yillar oralig‘ida 7,2 mlndan 10,1 mlngacha oshdi.

Janubiy Kavkaz mamlakatlarida 1960-2023 yillarda aholi sonining o‘zgarishi (mln kishi hisobida)

Boltiqbo‘yi mamlakatlari

Bir necha yillardan beri Boltiqbo‘yi mamlakatlari aholi sonining qisqarishi va yoshi katta bo‘lgan aholi ulushining ortishi kabi demografik o‘zgarishlar bilan kurashib kelmoqda. Jumladan, 1991-2023 yillar oralig‘ida Estoniya aholisi 1,56 mlndan 1,36 mlngacha, Litva aholisi 3,7 mlndan 2,6 mlngacha, Latviya aholisi 2,65 mlndan 1,88 mlngacha kamaygan.

Boltiqbo‘yi mamlakatlarida 1960-2023 yillarda aholi sonining o‘zgarishi (mln kishi hisobida)

O‘zbekiston

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p mamlakat hisoblanadi. Hozirgi paytda respublika aholisi 36,8 mln nafarni tashkil etmoqda.

1989 yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilgan va unda respublika aholisining soni 19,7 million kishini tashkil etgan.

1990 yilda O‘zbekiston aholisi 20,2 mln nafar bo‘lgan. 2000 yilda 24,5 mln, 2010 yilda 28 mln, 2020 yilda 33,9 mln nafarga yetgan.

Statistika agentligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublika aholisi 36,8 kishini tashkil etgan.

SSSR qulashidan keyin sobiq ittifoq davlatlarida aholi sonining o‘zgarishi

Sobiq SSSRning bir qator respublikalarida aholi sonining qisqarishi misli ko‘rilmagan sur’atlarda tezlashgan. Xususan, 1991-2023 yillar oralig‘ida aholi sonining kamayishi Moldovada – 42,4 foizni, Gruziyada – 31,3 foizni, Litvada – 29,4 foizni tashkil etgan. 15 ta respublika ichida faqat 6 tasida – Tojikiston (88 foiz), O‘zbekiston (76,5 foiz), Turkmaniston (69,5 foiz), Qirg‘iziston (59,1 foiz), Ozarboyjon (40,1 foiz) va Qozog‘istonda (16,5 foiz) aholi soni sezilarli darajada o‘sgan. Ayni paytda possovet mamlakatlarining butun Yer yuzidagi aholi soni bo‘yicha ulushi 3,7 foizni tashkil etadi.

P.S: Jadvalni shakllantirishda 2023 yilning 1 yanvar holatiga oid statistik ma’lumotlardan foydalanilgan. Faqatgina Ukraina aholisini ko‘rsatishda urushdan oldingi davr, 2022 yilning 1 yanvar holati inobatga olingan.

O‘tgan davr mobaynida Gruziya, Ukraina va Moldova kabi mamlakatlardagi hududiy bo‘linishlar va urushlar ham ushbu mamlakatlarda aholi sonining qisqarishiga ta’sir ko‘rsatgan.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid