O‘zbekiston | 11:24 / 20.02.2024
2755
2 daqiqa o‘qiladi

BBC’da O‘zbekistonning turizm va ishbilarmonlik salohiyati targ‘ib qilinishi mumkin 

Londonda «Bi-Bi-Si» korporatsiyasining telekanali bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekiston elchixonasida Britaniya «Bi-Bi-Si» korporatsiyasining Yevrosiyo mamlakatlari bo‘yicha tijorat vakolatxonasi rahbari Sergey Stanovkin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, BBC World News global platformasi orqali O‘zbekistonning turizm va ishbilarmonlik imijini keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.

Sergey Stanovkin O‘zbekistonda turizm sohasiga qaratilayotgan yuqori e’tiborni va mamlakatning jahon sayyohlik yo‘nalishlari orasida munosib o‘rin egallash istagini inobatga olgan holda, «Bi-Bi-Si» jahondagi eng nufuzli va obro‘li auditoriya orasida respublika va alohida kompaniyalarning jozibador imijini shakllantirishga, shuningdek, respublika sayyohlik salohiyatini jahon miqyosida keng targ‘ib qilishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

«Bi-Bi-Si» telekanali butun dunyo bo‘ylab 500 millionga yaqin auditoriyani qamrab oladi. Ulardan 64 foiz tomoshabinlar yirik investorlar va moliyachilar, 54 foizi nufuzli biznesmenlardir. Tomoshabinlarning 32 foizi esa yiliga 250 ming yevrodan ortiq daromadga ega. Telekanal dasturlari 200 ta davlat, 350 million uy, 1,8 million mehmonxona xonalari, 53 ta xalqaro aviakompaniya, 173 ta kruiz kemalari, shuningdek, 23 ta uyali aloqa operatori tarmoqlari orqali efirga uzatiladi.

Mavzuga oid