O‘zbekiston | 12:29 / 22.02.2024
21660
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda

Bu mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar 22 fevraldan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avvaldan belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

17 fevral kuni Buxoro viloyatidagi «L-Gazli-1» va «L-Gazli-2» yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozlik ortidan gaz kompressorlarida yuzaga kelgan muammolar 21 fevral kuni soat 15:10 da to‘liq bartaraf etilgan.

Natijada, gaz quvurlarida gaz aylanishi biroz muvozanatlashib, energobloklarga gaz yetkazib berishda to‘siqlar kamaygan. Energobloklarda ikki kundan buyon rejadan ko‘proq tok ishlab chiqish kuzatilmoqda.

Vazirlik matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning aytishicha, metan zapravkalar bilan bog‘liq vaziyat haqida kun davomida mahalliy hokimliklar axborot resurslarida, shuningdek, «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining rasmiy axborot manbalari orqali xabar qilib boriladi.

Ma’lum qilinishicha, 21 fevral kuni mamlakatdagi 407 ta metan zapravka orqali ijtimoiy sohalar — tibbiyot muassasalari, jamoat transportlari hamda shu kabi boshqa obektlarga tegishli avtomobillarga 2 mln 607 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

«Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 21 fevral kuni «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 501 tonna avtobenzin yetkazib berilgan. Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun qo‘yilgan 9 ming 110 tonna avtobenzinning 4 ming 276 tonnasi, 2 ming 100 tonna dizel yonilg‘isining esa 1 ming 308 tonnasi sotilgan», deyiladi xabarda.

Metan zapravkalar faolyatiga cheklov gaz bosimning kamayganini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida 18 fevral kuni kiritilgandi.

Mavzuga oid