Jahon | 21:23 / 22.02.2024
5254
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro huquqshunoslar guruhi Rossiya aktivlarining musodara qilinishi qonuniyligini tan oldi

Rossiyaning noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib chiqadigan zararni qoplash uchun Rossiya davlat aktivlarini berish xalqaro huquq me’yorlarini buzmasligi ta’kidlanmoqda. 

Foto: Bloomberg

Turli mamlakatlardan kelgan o‘n nafar huquqshunos guruhi Rossiyaning muzlatilgan davlat aktivlarini Ukrainaga berish uchun musodara qilinishi xalqaro huquqqa zid emasligini tan oldi. Bloomberg tomonidan ko‘rib chiqilgan ekspertlar xulosasi G7 mamlakatlari rasmiylariga yuborilgan. 

Unda aytilishicha, «Rossiyaning noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib chiqadigan zararni qoplash uchun Rossiya davlat aktivlarini berish xalqaro huquq me’yorlarini buzmaydi». Xulosa Belgiya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Niderlandiya, AQSh va Buyuk Britaniyadan kelgan huquqshunoslar tomonidan tuzilgan. 

Mutaxassislar muzlatilgan aktivlar bilan ishlash sxemasini ham tavsiya qilgan. Ular Rossiya aktivlari bloklangan davlatlarga ularni o‘z yurisdiksiyasi ostidagi xalqaro mexanizmga o‘tkazishni maslahat beradi. Undan mablag‘lar keyinchalik Ukrainani qayta tiklash dasturlariga o‘tkazilishi mumkin. 

Bloomberg nashrining yozishicha, Buyuk Britaniya va AQSh G7 davlatlarini Rossiyaning barcha aktivlarini musodara qilishga chaqirmoqda. Blokning yevropalik a’zolari, ayniqsa Fransiya va Germaniya bunga qarshi, chunki ular «xavfli pretsedent» yaratishni istamaydi va yevro uchun salbiy oqibatlaridan ham qo‘rqadi. 

12 fevral kuni YeI Kengashi kelajakda Rossiyaning Yevropada muzlatib qo‘yilgan aktivlaridan olingan daromadlarni Ukrainani tiklash uchun ishlatishga ruxsat beruvchi rezolyutsiyani ma’qulladi. Kengash qaroriga ko‘ra, Rossiya Markaziy bankining 1 million yevro va undan ortiq miqdoridagi aktivlari joylashgan markaziy depozitariylar ulardan olingan daromadlarni alohida hisobga olishi va saqlashi kerak. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen shu haftada Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan foiz daromadlaridan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishni tez orada qonuniylashtiradi, dedi. 

Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning 269 milliard yevrodan ortiq aktivlari G7 mamlakatlari, YeI va Avstraliyada muzlatilgan, shundan 200 milliard yevro Yevropa Ittifoqida, asosan Belgiyada. 

2023 yil dekabrida Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya aktivlarini noqonuniy olib qo‘yish mavzusi Moskva uchun nomaqbul ekanini ta’kidladi. Keyin u G‘arbning harakatlari butun xalqaro moliya tizimiga jiddiy zarba berishi mumkinligini aytdi. «Yevropaliklar va amerikaliklar juda yaxshi tushunishadi: bu tashabbuskor va amalga oshirganlar uchun qonuniy oqibatlarga olib keladi», dedi u.

Mavzuga oid