Isroil G‘azo bo‘yicha «HAMAS yo‘q qilingandan» keyingi rejalarini e’lon qildi
Reja boshqa narsalar qatori, G‘azo sektorini to‘liq qurolsizlantirishni nazarda tutadi, jamoat tartibini saqlash uchun zarur bo‘lgan qurollar bundan mustasno.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasiga G‘azo bo‘yicha urushdan keyingi rejalarini taqdim etdi.
Netanyahu taklifiga ko‘ra, Isroil o‘z maqsadlariga erishmaguncha, ya’ni HAMAS va «Islomiy jihod» harakatining harbiy salohiyati va kuch infratuzilmasini yo‘q qilmaguncha urushni davom ettiradi. So‘ngra, asirlarni qaytaradi va «G‘azo sektoridan kelib chiqadigan ehtimoliy tahdidning uzoq muddatga oldini oladi».
Shundan so‘ng, Isroil G‘azo sektorida cheksiz muddatga harbiy nazoratni o‘rnatadi, shuningdek, mamlakat chegaralaridagi xavfsizlik zonasini ham saqlab qoladi.
Bundan tashqari, Netanyahu hududning Misr bilan chegarasida kontrabanda kirib kelishining oldini olish uchun «janubiy to‘siq» yaratishni taklif qilmoqda. «Janubiy to‘siq imkon qadar Misr va AQSh bilan hamkorlikda amalga oshiriladi», deyiladi hujjatda.
Reja G‘azo sektorini to‘liq qurolsizlantirishni nazarda tutadi, jamoat tartibini saqlash uchun zarur bo‘lgan qurollar bundan mustasno.
Fuqarolik sohasi bo‘yicha Netanyahu mintaqadagi hokimiyatni terrorni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar va tashkilotlar bilan aloqasi bo‘lmagan «ma’muriy tajribaga ega mahalliy kuchlar»ga topshirishni taklif qilmoqda.
«G‘azo sektoridagi barcha diniy muassasalar, ta’lim va ijtimoiy sohani qamrab oluvchi deradikalizatsiya dasturi, iloji bo‘lsa, o‘z hududida deradikalizatsiya bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan arab davlatlarining ishtiroki va yordami bilan amalga oshiriladi», deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, Tel-Aviv Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi BMT agentligining (UNRWA) yopilishini talab qilmoqda, uning xodimlari, Isroil tomoniga ko‘ra, 7 oktyabr kuni mamlakatga hujumda ishtirok etgan.
«G‘azo sektorini rekonstruksiya qilish uning qurolsizlanishi va deradikalizatsiya jarayoni boshlanganidan keyin mumkin bo‘ladi. Qayta qurish rejalari pul va Isroil uchun maqbul bo‘lgan davlatlar rahbarligida amalga oshiriladi», deyiladi rejada.
Isroil rasmiylari urush HAMAS harakati butunlay yo‘q qilinmaguncha davom etishini bir necha bor ta’kidlagan. Fevral oyi boshida Netanyahu G‘azo sektorining Misr bilan janubiy chegarasida joylashgan Rafah shahriga quruqlikdagi harbiy operatsiyalarni kengaytirishni e’lon qilgan edi.
Bir qator davlatlar, jumladan, Falastin va AQSh bunga qarshi. Vashington hamkorlari bilan birgalikda mojaroni hal qilishga harakat urinmoqda. Qo‘shma Shtatlar va uning Yaqin Sharqdagi hamkorlari yaqin orada mintaqada uzoq muddatli tinchlik rejasini taqdim etishi mumkin, jumladan, Falastin davlatini yaratish va ikki tomon uchun xavfsizlik kafolatlarini.
Netanyahu yangi Falastin davlati tashkil etilishini HAMAS uchun «mukofot» deb hisoblamoqda. Isroil hukumati bu boradagi «xalqaro diktatni» rad qiluvchi deklaratsiya qabul qilgan.
Mavzuga oid
17:46 / 10.11.2024
Qatar Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachilikni to‘xtatdi
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024
«Makkabi» muxlislari Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib, tartibsizlik keltirib chiqarishdi va so‘ng taksichilar taqibiga uchrashdi
17:32 / 08.11.2024