“Iste’molchi manfaatlari ustunligini hisobga olish tarafdorimiz” - Raqobat qo‘mitasi BYD importiga cheklov haqida
Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov BYD importini “tartibga solish” masalasi qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqilishi va tegishli taklif kiritilishini ma’lum qildi.
Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov 20 mart kungi matbuot anjumanida berilgan savolga javoban BYD brendi ostidagi avtomobillar importini cheklash masalasi ko‘rib chiqilishiga munosabat bildirdi.
“Qaror bilan mavjud raqobat qonunchiligi va Jahon savdo tashkiloti normalaridan kelib chiqib taklif kiritish topshirig‘i berilgan. Bu holat bo‘yicha o‘rganib chiqib o‘z takliflarimizni beramiz, albatta”, – dedi Qayumov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 2023 yilda iste’molchilardan avtomobillar savdosi bilan bog‘liq 957 ta murojaat kelib tushgan va bu murojaatlardan 754 tasi – 78,7 foizi qanoatlantirilib, 140 tasiga tushuntirish berilgan. Jami 4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar hisob-kitob qilib berilgan, 60 ta avtomobil sifatsiz bo‘lgani sababli almashtirib berishga ham erishilgan. Bu boradagi murojaatlarning asosiy qismi avtomobil yetkazib berish muddatlari, yetkazib berilgan avtomobillar nuqsonli bo‘lgani bilan bog‘liq, dedi Asadulla Qayumov.
“Erkin bozor tarafdorimiz. Raqobat nuqtayi nazaridan eng maqbul narxlarda, eng maqbul sifatda iste’molchiga yetkazib berilishi uchun sharoitlar yaratish – bizning asosiy vazifamiz. Shu nuqtayi nazardan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozorda maqbul raqobat muhitini yaratgan holda maqbul narxlarda, maqbul sifatda avtomobillar yetkazib berish bo‘yicha o‘zimizning takliflarimizni hukumatga tayyorlab beramiz”, – dedi Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
Qo‘mita raisining yana bir o‘rinbosari Farrux Qoraboyevga ko‘ra, BYD avtomobillari importiga cheklov hali kiritilmagan – prezident qarorida takliflar ishlab chiqish haqida so‘z boradi.
“Bugungi kunda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar jarayonida. Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili e’lon qilingan tegishli qarori bilan, barcha qabul qilinayotgan qaror va takliflar mana shu a’zolikka ta’siri bo‘yicha baholanishi belgilangan. Shundan kelib chiqib, cheklov kiritilishi nuqtayi nazaridan aniq fikrni aytishimiz erta.
Ha, e’lon qilindi. Hech kim kompaniyaning hukumatga murojaat qilishini cheklolmaydi. Har qanday xo‘jalik yurituvchi sub’yekt o‘z faoliyatida erkin, har qanday davlat organiga murojaat qilishi, taklif kiritishi mumkin”, – dedi u.
Farrux Qoraboyevning so‘zlariga ko‘ra, bu masala bo‘yicha “muvozanatli taklif ishlab chiqilishi kerak bo‘ladi”
“Qanaqadir kafolatlar yoki texnik jihatdan tartibga solish qoidalariga muvofiqligi bo‘yicha deyarli nazorat yoki tartibga solish amalga oshirilmayapti. Bu bir tarafdan, iste’molchilar uchun qulay, chunki arzonroq narxda kirib keladi. Bilasizlar, rasmiy dilerlarning tegishli xarajatlari bor. Avtosaloni bo‘lishi kerak va hokazo”, – dedi u.
Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosariga ko‘ra, “qaysidir xo‘jalik yurituvchi sub’yektning fikri bilan birdaniga cheklovlar o‘rnatilishini qabul qilib bo‘lmaydi”. Uning ishonch bildirishicha, mavjud vaziyat bo‘yicha “muvozanatli qaror qabul qilinadi”.
“Bordiki o‘sha qaror qabul qilingan taqdirda ham, “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi qonunda yetarli mexanizmlar bor. Har qanday xo‘jalik yurituvchi sub’yekt agar ustun mavqega ega deb topilsa, o‘z ustun mavqeyini suiiste’mol qilishini cheklash bo‘yicha yetarli mexanizmlarimiz bor. Monopol yuqori narxni belgilamaslik, iste’molchilar manfaatlarini kamsitish, raqobatga zid harakatlar kabilar bo‘yicha yangilangan qonun juda katta huquqiy kuchga ega”, – deya qo‘shimcha qildi Farrux Qoraboyev.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zavtosanoat” bilan birga O‘zbekistonda elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotgan Xitoyning BYD kompaniyasi avvalroq hukumatga murojaat qilib, BYD brendi ostidagi avtomobillarning O‘zbekistonga “tartibsiz importi”ni cheklashni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi.
18 mart kuni imzolangan prezident qarori bilan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat” AJga 2024 yil 1 iyulga qadar raqobat qonunchiligi va Jahon savdo tashkilotining tamoyillaridan kelib chiqib BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini tartibga solish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.
Mavzuga oid
13:07 / 18.11.2024
Piskent poligonidagi navbat elektron shaklga o‘tkazildi
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
17:00 / 15.11.2024
BYD e-Mobility Festa 2024: 30 yillik yutuqlarni birgalikda nishonlaymiz
09:52 / 15.11.2024