Jahon | 00:00 / 29.05.2024
6663
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Baydenni «Ukraina tinchlik sammiti»da ishtirok etishga chaqirdi

Rasmiy Vashington sammitni qo‘llab-quvvatlashini aytdi, ammo hali yuqori darajadagi delegatsiya yuborish haqida hech narsa degani yo‘q.

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Baydenni iyun o‘rtalarida Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan tinchlik sammitida ishtirok etishga chaqirdi. Zelenskiyning aytishicha, asosiy ittifoqchisining yo‘qligi «Putinni faqat xursand qiladi», deb yozdi BBC.

Xabarlarga ko‘ra, prezident Bayden va vitse-prezident Kamala Xarris sammitda ishtirok etmaydi.

Bir necha oy davomida rejalashtirilgan sammit Lyutsern ko‘li yoqasidagi hashamatli Burgenstok mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi.

Nashrning ta’kidlashicha, prezident Baydenning ishtirok etmasligi borasidagi gap-so‘zlar Ukraina uchun katta zarba bo‘ladi. Rasmiy Vashington sammitni qo‘llab-quvvatlashini aytdi, ammo hali yuqori darajadagi delegatsiya yuborish haqida hech narsa degani yo‘q.

Shveytsariya hukumati sammitga 160 dan ortiq davlatni taklif qildi va maqsadi «dunyo yetakchilari xalqaro huquq va BMT Nizomi asosida Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish yo‘llarini muhokama qiladigan forumni tashkil etish» ekanini aytdi.

BBC yozganidek, sammitning muvaffaqiyati yo‘lida jiddiy to‘siqlar bor. Ularning asosiysi - urushni boshlagan mamlakat Rossiyaning u yerda bo‘lmasligidir.

Rossiya bilan yaxshi aloqalarga ega Xitoy ham yuqori darajadagi vakillarini yubormasligi mumkin. Shuningdek, Braziliya va Hindiston ham kichik lavozimli vakillarini yuborishini aytgan. Shveytsariya hukumatining axborotiga ko‘ra, 70ga yaqin davlat sammitda qatnashishga rozi bo‘lgan. Zelenskiy esa, ularning soni 90ga yetganini aytmoqda.

Sammitga ishtirok etishga rozi bo‘lgan davlat rahbarlari orasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols, shuningdek, Afrika va O‘rta Sharqning bir qator davlat rahbarlarini ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid