Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Frontdagi vaziyat: may Ukraina qurolli kuchlari uchun muvaffaqiyatli kechmoqda
Ukraina dronlari urushni Rossiya ichkarisiga ko‘chirayotgan bir mahalda RF qurolli kuchlarining Donbassdagi yurishi to‘xtab qoldi – hatto asosiy yo‘nalishlarda ham.
Ukraina dronlarining Moskva va Rossiyaning boshqa yirik shaharlariga yopirilma hujumlari yangiliklar lentasida frontdagi voqealarni bir chetga surib qo‘ydi. Frontdagi vaziyat esa Rossiya qurolli kuchlari uchun yaxshi holatda emas. May oxirlayotganiga qaramay Rossiya qo‘shinining Kramatorsk yo‘nalishida yorib o‘tishi ro‘y bermadi. Aynan Kramatorsk-Slovyansk aglomeratsiyasini egallash – RF qurolli kuchlari uchun asosiy harbiy-siyosiy maqsad bo‘lib qolmoqda, chunki bu amalda Donbass to‘liq ishg‘ol etilishini anglatadi. Aglomeratsiya atrofida hosil bo‘lgan «yoy»dagi to‘rtta yo‘nalishning ikkitasida Rossiya armiyasi may oyi davomida qiyinchilik bilan atigi bir necha kilometrga ilgariladi. Yana bittasida – Severskiy Donets ortida, Slovyansk ro‘parasida – Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tdi. Qishda bosib olingan Pokrovsk shimolidagi to‘rtinchi (asosiy) uchastkada ham Rossiya armiyasi son jihatdan ustunlikka egaligiga qaramay, oldinga yura olmayapti. Boshqa yo‘nalishlarda ham jiddiy natijalar yo‘q – u yerlarda yoki RF qurolli kuchlari «lokal miqyosdagi yutuqlar» bilan cheklangan yoki Ukraina qurolli kuchlari samarali qarshi hujumlar uyushtirmoqda.
So‘nggi yillarda may oyi Rossiya qo‘shini jiddiy hujumlarni amalga oshiradigan va yil oxirigacha olib boriladigan katta amaliyotlarga poydevor qo‘yiladigan davr bo‘lib kelayotgandi.
- 2022 yil may oyida Mariupol mudofaachilari taslim bo‘lgan va bu Rossiyaning katta g‘alabasi sifatida qayd etilgan.
- 2023 yil mayida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Ukraina qurolli kuchlari uzoq vaqt davomida qattiq qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, og‘ir yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa-da, Baxmutni egallash jarayonini yakunlagan.
- 2024 yil mayida RF qurolli kuchlari Avdiyivkadan g‘arbdagi Ochertino atrofida front chizig‘ini yorib o‘tgan, bu esa yil oxirigacha janubiy Donbass to‘liq egallab olinishini boshlab bergandi.
- 2025 yil mayida Rossiya qo‘shini ko‘p oy davom etgan og‘ir janglardan keyin Pokrovsk–Konstantinovka yo‘li bo‘ylab o‘tgan front chizig‘ini kesib o‘tgan, bu esa Pokrovsk aglomeratsiyasini o‘rab olish va yakunda to‘liq ishg‘ol etishga olib kelgandi.
- 2026 yil mayida esa hech qanday yorib o‘tishdan darak yo‘q. Va Rossiya armiyasining muammolari tasodifiy emas: dronlarning frontda va front ortidagi imkoniyatlari ortib borishi quruqlik orqali hujumlarni urush olib borishning tobora qimmatroq uslubiga aylantirmoqda. Raqib mudofaasini yengib o‘tish uchun avvaliga dushmanning dronlar operatorlarini zararsizlantirish talab etilmoqda, shu sababli hal qiluvchi hujumga tayyorgarlik ko‘rishning o‘zi haftalab va oylab davom etishi mumkin. Va bunday hujumlarda ham muvaffaqiyatga erishilgan taqdirda raqib mudofaasi ichkarisiga kirib borish masofasi 10 kilometrdan oshmaydi.
Ukraina qurolli kuchlarini bunday vaziyat qoniqtiradi: ular aksar uchastkalarda mudofaaga zo‘r beradi, sharoit yo‘l qo‘yadigan joylarga esa qarshi hujumlarga o‘tib, raqib mudofaasiga 10 kilometr masofagacha kirib borishadi. Bu esa RF qurolli kuchlarining yurishini to‘xtatib turishga imkon beradi. Rossiya qo‘mondonligi esa anchadan buyon Kramatorskdan janubi-g‘arbda, dronlar bilan to‘ldirilgan mudofaani yorib o‘tish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. 2026 yilgi butun kampaniya taqdiri ushbu tajriba muvaffaqiyatiga bog‘liq.
Pokrovsk va Dobropilya

Rossiyaning eng yirik guruhi ukrainlarning Donetsk oblasti g‘arbidagi Dobropilyani himoya qilayotgan ikkita korpusi qarshisida to‘plangan.
RF qurolli kuchlarining maqsadi – Dobropilyani egallash va u orqali harakatlanib, Kramatorskning g‘arbida paydo bo‘lish. 2025 yil avgustidayoq shu maqsaddagi birinchi urinish amalga oshirilgandi, o‘shanda 51-armiyaning bir necha bo‘linmalari Dobropilya va Kramatorsk o‘rtasidagi hudud bo‘ylab 15–20 kilometr masofaga kirib borgan va ulardan birinchisining chekkalariga yetib borgan. Ammo o‘shanda Ukraina qurolli kuchlari zaxira kuchlarini olib kelib, raqibni ortga uloqtirib tashlagandi.
Pokrovsk egallanganidan keyin Rossiya qo‘shini navbatdagi katta yurishga jiddiy tayyorlana boshladi – ammo ukrainlar ham mudofaaga yaxshi tayyorlanishdi.
Asosiy kuchlar Pokrovsk tomondan Grishino (uzoq davom etgan janglardan keyin bahorda egallangan qishloq) orqali Ukraina qurolli kuchlarining front ortidagi asosiy bazasi – Dobropilya janubidagi Shevchenkoga hujum qilmoqda. Hozirda ilg‘or qismlar Novoaleksandrovka ostonalarida jang qilmoqda. Ukraina qurolli kuchlarining 7-korpusi qo‘mondonligining X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan (keyinroq o‘chirib yuborilgan, ammo ayrimlari internet-arxivda saqlanib qolgan) davomli postlarida dushman («Markaz» guruhi kuchlari hamda Havo-desant qo‘shinlarining Pskov diviziyasi bo‘linmalari, shuningdek, «Rubikon» dronlar guruhi qismlari) nafaqat piyodalar soni bo‘yicha, balki dronlar borasida ham ustunlikka egaligi aytilgan. Shu bilan birga, ukrainlarning oldingi chiziqdagi harbiylariga ta’minot faqat dronlar orqali yetkazilishi mumkin. Rossiya dronlari havoda tig‘iz joylashgani tufayli ukrainlarning ekipajsiz transport vositalari ham ilg‘or qismlarga yetib bora olmaydi. Avtomobillar va zirhli texnikalar esa faqat Shevchenkogacha bora oladi – shunda ham hammasi emas. Rossiya qo‘mondonligi allaqachon Pokrovsk va Mirnograddagi maxfiy boshpanalarga dronlar operatorlarini joylashtirgan, ko‘p qavatli binolarning tomlarida esa boshqaruv va aloqa antennalari o‘rnatilgan.
Ammo RF qurolli kuchlarining yurishi juda sekin kechmoqda. Kuchlarni Pokrovskda jamlashga shahardan g‘arbda turgan ukrain qo‘shini imkon bermayapti. Ular o‘sha yerdan Pokrovsk–Dnipro yo‘li bo‘ylab shaharning g‘arbiy chekkalariga reydlar uyushtirmoqda (jumladan, zirhli texnikalardan foydalangan holda ham). So‘nggi haftalarda Rossiya armiyasi Pokrovskka g‘arbdan tutash bo‘lgan hududni to‘liq nazoratga olish bo‘yicha amaliyot boshladi.
Rossiya tomoni yaqinda egallangan Grishinodan qo‘shinlar va dronlar operatorlarini to‘plash uchun foydalana olmaydi: ukrain shturmchilari uzoqqa ketmagan. Qishloq atrofidagi nazorat kengaytirilganidan keyingina shimoliy yo‘nalishda hujumni davom ettirish mumkin bo‘ladi.
Rossiyaning boshqa guruhi janubi-sharqdan – Rodinskiy shahri va Dorojne qishlog‘idan Belitske va Noviy Donbass orqali Dobropilyaga yaqinlashishga urinmoqda. So‘nggi haftalarda bu yo‘nalishda ham hujumlar to‘xtab qolgan, Ukraina qurolli kuchlari esa Belitske va Noviy Donbassning bir qismidan rossiyalik shturmchilarni siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Pokrovskdan Shevchenkoga asosiy kuchlar yetib kelmagunicha bu tomondan yorib o‘tish ehtimoli juda kam.
Sharqroqda Rossiyaning «Janub» guruhiga mansub bo‘lgan qo‘shinlar qarama-qarshi yo‘nalishda – sharq tomon yurish qilmoqda. Ularning vazifasi – Drujkovkaga yetib borish hisoblandi, bu shaharcha ukrainlarning Konstantinovkani himoya qilayotgan garnizoni uchun ta’minot bazasidir. Qo‘shni uchastkalarda yurishlar g‘arbiy yo‘nalishda olib borilayotgani tufayli Dobropilyaga ketayotgan hamda Kazenniy Toretsk daryosi bo‘ylab Drujkovkaga tomon harakatlanayotgan rus qo‘shinlari orasida uzilish yuzaga kelgan. Ukraina qo‘shini esa bu oraliqdan foydalanib, har ikki tomonga xalaqit bermoqda.
Konstantinovka shturmi

Front chizig‘idan ancha ichkaridagi Drujkovkaga zarbalar berish orqali Konstantinovkani o‘rab olish rejasi hozircha real bo‘lib ko‘rinmayapti. Shuning uchun Rossiya qo‘mondonligi amaliyotning kamtarroq shaklini tanlagan – shaharning g‘arbiy va sharqiy chekkalarini aylanib o‘tish, janubdan shahar kvartallari orqali kirib, to‘g‘ridan to‘g‘ri markazga bosim o‘tkazish.
Bu yerda Rossiya qurolli quchlari dronlar va aviatsiyada ham ustunlikka ega, bu esa Drujkovka va Konstantinovka o‘rtasidagi logistikani ishdan chiqarish imkonini beradi. Biroq, so‘nggi haftalarda Ukraina qurolli kuchlari hatto o‘nlab kilometr masofadagi harakatlanuvchi nishonlarga ham zarba bera oladigan yangi dronlardan foydalanishni boshladi. Natijada Rossiya qurolli kuchlarining mazkur hududdagi asosiy ta’minot bazasi – Horlivka shahri ham zarbalar ostida qoldi.

Janubdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shturm to‘xtab qolgan: rus qo‘shinlari shahar janubiy qismida joylashgan rux zavodiga yetib keldi va shu yerda to‘xtadi. Ukrainlarning deyarli to‘liq qurshovda jang qilayotgan va havo orqali ta’minot olayotgan (og‘ir dronlar yordamida; yuklarni yetkazib berish jarayoni aks etgan videolar mavjud) ko‘pdan ko‘p kichik guruhlari oldinga siljishga to‘sqinlik qilmoqda.
So‘nggi haftalarda rus qo‘shinlari Konstantinovka chekkasidagi Ilinovka qishlog‘idan o‘tib, shaharga g‘arbdan kirishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu hududdagi yana bir hujum o‘qi g‘arbroqda joylashgan – u yerda Rossiya qurolli kuchlari Dolgaya Balka qishlog‘iga yetib borgan. Lekin Konstantinovkani g‘arbdan to‘la o‘rab olishga hali ancha bor.
Konstantinovkaning sharqiy chekkasi bo‘ylab hujum qilayotgan qo‘shinlar ko‘proq muvaffaqiyatga erishdi: ular Novodmitrovka orqali bir necha kilometrga, deyarli shaharning shimoli-sharqiy chekkasigacha yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, hozircha, tarqalgan videolardan ko‘rinib turibdiki, faqat ayrim shturm guruhlari bu qadar uzoqqa bora olgan, bu esa hududda mustahkam joylashib olishni kafolatlamaydi.
Slovyanskka hujum

Konstantinovkaga sharqdan hujum Severskiy Donets–Donbass kanali bo‘ylab Slovyansk sharqidagi hududga harakatlanayotgan qo‘shinga yordam berishi mumkin. Ular bir necha joyda kanalni kechib o‘tishgan (kanal ayrim joylarda yerosti kollektorlari orqali o‘tadi). Ammo Konstantinovka–Kramatorsk yo‘li yo‘nalishida (masalan, xuddi o‘sha Drujkovkaga, ammo sharqdan) yorib o‘tib bo‘lmaydi – hozircha chinakam urinishning o‘zi ham bo‘lgani yo‘q. Katta ehtimol bilan, bu ushbu guruhning asosiy maqsadi – kanalning sharqiy sohili bo‘ylab Slovyansk tomon yurish ekani bilan bog‘liq. Bu yurish bahorda Xerson atrofidan olib kelingan 70-motoo‘qchilar diviziyasi kuchlari va «Janub» guruhining qishda egallab olingan Seversk shahridan Severskiy Donets daryosi bo‘ylab Slovyansk tomon arakatlanayotgan 3-umumqo‘shin armiyasi ishtirokida olib borilmoqda.
Rossiya qo‘shinlari shimoliy uchastkada Kriviy Lukaga, janubiysida Ray-Aleksandrovkaga yetib kelgan. Ammo so‘nggi haftalarda hujum og‘ir kechmoqda. Buning sababi ham dronlar, Ukraina qurolli kuchlarining yordamga yetib kelgan zaxira kuchlari, qanotlarda va front ortida joylashtirilgan kichik otryadlar hamda ukrain qo‘shinining taktik qarshi hujumlari.
Severskiy Donets bo‘ylab Slovyansk tomon harakatlanish Rossiya qurolli kuchlari uchun o‘ta muhim: u Liman atrofida qarama-qarshi qirg‘oqda harakat qilayotgan guruhga yordam berishi kerak. Bu guruh bir vaqtning o‘zi bir necha hududlarda ukrainlarning yirik qarshi hujumiga uchradi va ushbu shahar atrofidagi barcha pozitsiyalarini yo‘qotish xavfi ostida qoldi.
Zaporijjya oblasti sharqi

Ukraina qurolli kuchlarining 2026 yildagi eng yirik qarshi hujumi, katta ehtimol bilan yakuniga yaqinlashmoqda. Qishda g‘arbiy yo‘nalishda, Rossiyaning Zaporijjya va Dnipropetrovsk oblastlari tutashgan hududga tezlik bilan yurish qilayotgan (hozirgi urush o‘lchovlarida) guruhining shimoliy qanotiga Ukraina qo‘mondonligi yirik zaxiralarini (Pokrovsk mudofaasidan bo‘shagan) tashladi. Natijada Ukraina qurolli kuchlari RF qurolli kuchlari mudofaasiga 10–15 kilometr masofada kirib bordi. O‘z navbatida, g‘arbdan (Gaychur daryosi vodiysi tomondan) ham ukrain shturmchilari hujumga o‘tdi. Bu amaliyot maqsadi Rossiyaning shimolroqda – Pokrovskdan Ternovatiygacha bo‘lgan hududda harakat qilayotgan armiyasini to‘liq qurshovga olish bo‘lgan.
Rossiya qo‘mondonligi ham zaxira kuchlarni olib kelish orqali javob qaytardi – Tinch okeani floti dengiz bo‘linmalari hamda ikkita motoo‘qchilar brigadasi (ular ham Pokrovsk atrofidan). Bu kuchlar ukrainlarning hududdagi ta’sirini sezilarli darajada qisqartirishga erishdi, ammo butunlay bartaraf eta olmadi. Ukraina qurolli kuchlarining g‘arb tomondan yurish boshlagan shturmchilari Gaychur daryosi sharqiy sohilida – Dobropilya qishlog‘idan (bu Pokrovsk atrofidagi shaharchaning adashi bo‘lgan aholi yashash punkti) Ribniyga yurishda davom etmoqda. E’lon qilingan videoga ko‘ra, ular Rossiya ta’minot karvonlariga hamda alohida pozitsiyalarga hujumlar uyushtirmoqda.

Biroq, bularning barchasi «Vostok» guruhining asosiy zarbdor kuchi – 5-umumqo‘shin armiyasiga Pokrovsk yaqinidan yordamga kelgan dengiz piyodalari bilan birgalikda Zaporijjya oblastining markaziy qismidagi Ukraina qurolli kuchlari «qal’asi» hisoblangan Orexiv shahriga g‘arbiy yo‘nalishda hujumni qayta boshlashga to‘sqinlik qilmadi. Ammo bu hujum sur’ati Ukraina qarshi hujumi boshlanishidan oldingi sur’atda emas: Rossiya qo‘shinlari bu yerda ham butun front uchun umumiy bo‘lgan muammolarga duch kelmoqda.
5-armiya va dengiz piyodalarining ilg‘or bo‘linmalari Orexivdan 17 kilometr va shaharga borishdagi Malaya Tokmachka qishlog‘idan 10 kilometr uzoqlikdagi Charivnoy qishlog‘iga yetib kelgan.
Zaporijjya oblasti g‘arbi

2025 yilda Rossiya qo‘mondonligi Zaporijjya shahridan janubda frontning yangi uchastkasini ochgandi. Bu hududda Ukraina qurolli kuchlarining 2023 yil yozidagi muvaffaqiyatsiz hujumidan beri nisbatan tinchlik hukm surayotgandi. RF qurolli kuchlari qarama-qarshi yo‘nalishlarda ikkita zarba berdi (lekin, bunday nodatiy formada qo‘shinlar oldinga siljigan sari bir-biriga yordam berish imkoniyatini yo‘qotadi).
Birinchi zarba Zaporijjyadan 13 kilometr uzoqlikdagi Konka daryosiga chiqish maqsadida Kaxovka suv omborining sobiq qirg‘og‘i bo‘ylab Stepnogorsk, Primorske va Rechne yo‘nalishida amalga oshirildi. U yerdan rus dron operatorlari oblast markaziga zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin edi. 2026 yil bahorida Rossiya qurolli kuchlari Rechne yaqinida daryo bo‘yiga yetib keldi. Ammo ular Stepnogorsk va Primorskeni egallashga va hujum qanotlarini xavfsiz qilishga muvaffaq bo‘lolmadi.
Ikkinchi zarba o‘z oldiga Ukraina qurolli kuchlarining Zaporijjya oblastidagi asosiy istehkomi hisoblangan Orixivni oblast markazidan uzib qo‘yishni maqsad qilgandi. Istiqbolda ushbu shaharni sharqdan yurish qilib kelayotgan 5-umumqo‘shin armiyasi bilan birgalikda qurshovga olish mo‘ljallangandi.
So‘nggi oyda ikkala reja ham barbod bo‘ldi: Ukraina qurolli kuchlari zaxiralarni (kamida bitta brigadani yana Pokrovsk yaqinidan) mazkur uchastkaga joylashtirdi. Dastlab Ukraina qo‘shinlari dushmanni Zaporijjya-Orexiv yo‘liga tutash hududdan siqib chiqardi. E’lon qilingan videolarga ko‘ra, «yorib o‘tish» chizig‘ida Rossiya shturmchilarining alohida kichik guruhlarigina harakat qilgan.
Keyin Ukraina qurolli kuchlari Stepnogorsk va Primorskda qarshi hujum uyushtirdi. Aprel oyida Rossiya qurolli kuchlari Rechniydan siqib chiqarildi (harbiy xizmatchilarning bir qismi asirga olindi). Tarqalgan videolarga ko‘ra, aprel oyi oxiri va may oyida Primorskda Ukraina qurolli kuchlarining maxsus bo‘linmalari Kaxovka suv omborining qurib qolgan o‘zani orqali hujum qilib, qishloq markazini egallagan. Keyin Ukraina kurolli kuchlari Stepnogorskning katta qismini ozod qilishdi.
Rossiya qo‘shinlari Primorsk va Stepnogorskda qoladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas. So‘nggi haftalarda RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi ushbu hududda rotatsiya ishlarini o‘tkazdi (havo desant kuchlari bo‘linmalari boshqalariga almashtirildi). Ukraina qarshi hujumi, oldin ham bir necha bor bo‘lgani kabi, Rossiya qurolli kuchlarini ular uchun omadsiz paytda g‘aflatda qoldirgan bo‘lishi mumkin. Biroq, guruh zaiflashganini istisno qilib bo‘lmaydi, chunki uning katta qismi ustuvorroq bo‘lgan boshqa yo‘nalishga o‘tkazilmoqda.
Mavzuga oid
20:26 / 27.05.2026
Zelenskiy Trampga xat yozib, Ukrainani Rossiya raketalaridan himoya qilishni so‘radi
22:22 / 26.05.2026
Kiyevga «Oreshnik» bilan hujum: navbat Zelenskiy ofisigami?
22:01 / 26.05.2026
Ukrainaga yordam beruvchi davlatlar koalitsiyasi ikki barobar qisqargani ma’lum bo‘ldi
20:32 / 25.05.2026