21:34 / 05.06.2024
5318

Firdavs Abduxoliqov Islom sivilizatsiyasi markazi direktori etib tayinlandi

O‘zbek kino sohasini salkam 5 yil boshqargan Firdavs Abduxoliqov faoliyatini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari sifatida davom ettiradi. Kinematografiya agentligida uning o‘rniga yozuvchi Shuhrat Rizayev vaqtincha rahbar bo‘lgan.

Firdavs Abduxoliqov / Foto: Wikipedia

Firdavs Fridunovich Abduxoliqov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori etib tayinlandi.

Shu munosabat bilan markazni boshqarib kelgan Shoazim Shoislomovich Minovarov lavozimidan ozod etilgan. Bu haqda bosh vazirning matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar berdi.

Shoazim Minovarov markazga 2017 yil iyulidan beri (o‘sha vaqtda Islom madaniyati markazi deb atalgan) rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Firdavs Abduxoliqov esa bungacha Kinematografiya agentligi direktori lavozimida ishlayotgandi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, agentlikda uning o‘rniga yozuvchi Shuhrat Rizayev vaqtincha rahbar vazifasini bajaruvchi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Firdavs Abduxoliqov 1963 yilda tug‘ilgan, 1985 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Iqtisodiyot sohasida ham oliy ma’lumotga ega.

2003 yildan 2022 yilgacha Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasini boshqargan. 2019 yilda «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori etib tayinlangan (agentlik nomi 2021 yilda Kinematografiya agentligi sifatida o‘zgartirilgan).

2011 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni bilan taqdirlangan.

Top