O‘zbekiston | 17:18 / 20.06.2024
7704
4 daqiqa o‘qiladi

Do‘stlik bog‘i hududini noqonuniy egallab olgan qurilish kompaniyasi jarimaga tortildi  

«Vinera Tower» MChJ Do‘stlik bog‘i hududidan 606 kv metr yer maydonni noqonuniy egallab olgan. Kompaniyaga nisbatan BHMning 30 baravari miqdorida jarima belgilandi. Jurnalist Qobil Xidirovga ko‘ra, butun boshli xalq mulkini istalgancha talon-toroj qilayotganlarga jazo choralari keskin bo‘lishi kerak.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida joylashgan Do‘stlik bog‘i hududining noqonuniy tarzda egallab olingani haqidagi murojaat yuzasidan Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan Do‘stlik bog‘iga (sobiq Bobur) tutash hududda «Vinera Tower» MChJ nomiga 5273 kv metr yer maydoni mulk huquqi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ammo MChJ tomonidan o‘ziga tegishli 5273 kv metr yer maydonidan tashqari 2451 kv metr yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, to‘siq bilan o‘rab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, MChJ tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rab olingan 2451 kv metr yer uchastkasining 606 kv metr yer maydoni Do‘stlik bog‘i hududidan egallab olinib, ayrim qismida kotlovan qazilgani aniqlangan.

«Ushbu holat yuzasidan «Vinera Tower» MChJ rahbariga nisbatan MJtKning 266-modda 1-qismiga muvofiq Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasiga berilgan vakolatga asoslanib, MJtKning 60-moddasida belgilab o‘tilgan ma’muriy javobgarlik holati bo‘yicha ta’sir choralari qo‘llandi», deyiladi rasmiy munosabatda.

Ma’lumot uchun, belgilangan jarima BHMning 30 baravari yoki 10 mln 200 ming so‘mni tashkil etadi.

Jurnalist Qobil Xidirov ta’kidlashicha, butun boshli xalq mulkini istalgancha talon-toroj qilayotganlarga jazo choralari keskin bo‘lishi kerak.

«Xalqqa tegishli bo‘lgan bog‘ning salkam 25 sotixini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, u yerda qurilish qilayotgan firmaga bor-yo‘g‘i ma’muriy, ya’ni jarima jazosi belgilanishini shunchaki qabul qilib bo‘lmaydi. Butun boshli xalq mulkini istalgancha talon-toroj qilayotganlarga jazo choralari keskin bo‘lishi va eng asosiysi noqonuniy egallab olingan yerlar xalqning o‘ziga, ya’ni bog‘ hududiga qaytarib berilishi lozim», deya yozdi Qobil Xidirov.

Avvalroq, Toshkent shahri markazidagi Do‘stlik va Abdulla Qodiriy bog‘lari investorga berilgani xabar qilingandi. Bu bog‘larni 49 yilga Chilonzordagi G‘afur G‘ulom bog‘ini Dream Park'ka aylantirgan BMP Smart Decision ijaraga olgan.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, har ikkala bog‘ uzog‘i bilan 3 yil ichida rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshiriladi. Do‘stlik bog‘iga o‘nga yaqin attraksionlar o‘rnatish reja qilingan. Abdulla Qodiriy bog‘ida esa attraksionlar bo‘lmasligi, lekin bir nechta restoran qurilishi aytilyapti.

Ta’kidlash kerak, oxirgi yillarda har ikkala bog‘ hududining ayrim qismlari sotilib ketgan, bu yerlarda allaqachon binolar ham qurib bo‘lingan. Parklar xususiy qo‘llarga o‘tgani ma’lum bo‘lgach, ko‘plab faollar bunga qarshi ekanini bildirdi.

Mavzuga oid