11:30 / 22.06.2024
2431

Deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari ko‘paymoqda

Endilikda deputat tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida o‘ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmasa, bu uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishga asos bo‘lishi mumkin.

Foto: Senat axborot xizmati

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, qonun bilan siyosiy partiyalarni moliyalashtirish, davlat mablag‘larining siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanishi tartibini, Qonunchilik palatasi deputatlarining, Senat a’zolarining va mahalliy vakillik organlari deputatlarining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish asoslarini belgilashni, shuningdek, o‘z vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun ularga nisbatan tartibga solish choralarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlarga ko‘ra, ushbu qonun bilan jamiyat uchun muhim bo‘lgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar qabul qilinishida hamda jamiyatning rivojlanishiga qaratilgan muhim masalalar yechimida deputat va senatorlarning mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar kiritilyapti. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunda deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari kuchaytirilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq:

— deputat Senatda doimiy asosda ishlovchi senator haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda;

— tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida o‘ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmaganda;

— chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olganda;

— partiya ro‘yxati asosida saylangan deputat o‘zini deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya a’zoligidan chiqqanda deputat yoki senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, deputat yoki senator tomonidan o‘z vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun bir qator choralar belgilanyapti. Xususan, ogohlantirish, tegishli majlislarida uzr so‘rashni talab qilish, yo‘l qo‘yilganligi faktini palata majlisida o‘qib eshittirish, ish haqidan ushlab qolish va deputat yoki senator vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish kabi choralar qo‘llanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Top