07:37 / 24.06.2024
10417

Toshkentdagi tibbiyot muassasasida juda ko‘p miqdorda budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

O‘rganishda tibbiyot muassasasida budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va talon-toroj qilish, amalda bajarilmagan ishlar uchun oylik ish haqi to‘lanishi, tibbiy jihozlardagi kamomad, davlat xaridlari jarayonlari bilan bog‘liq qator qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.

Toshkentdagi tibbiyot muassasasi mansabdorlari tomonidan qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, agentlik va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi ijrosi yuzasidan Ibn Sino nomidagi 1-sonli Toshkent shahar klinik shifoxonasida budjet mablag‘laridan foydalanish va tizimdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish masalalari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganishda tibbiyot muassasasida budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va talon-toroj qilish, amalda bajarilmagan ishlar uchun oylik ish haqi to‘lanishi, tibbiy jihozlardagi kamomad, davlat xaridlari jarayonlari bilan bog‘liq qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.

Xususan, tashkilot mansabdor shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda shifoxonada amalda bir qator lavozimlar mavjud bo‘lsa-da, boshqa fuqarolar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzgan va amalda biror-bir bajarilmagan ish uchun ularga doimiy ravishda oylik ish haqi to‘lab kelingan. Natijada juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, agentlik taqdim etgan hujjatlar asosida prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top