Jahon | 21:23 / 11.07.2024
7429
3 daqiqa o‘qiladi

Orbanning Putin huzuriga tashrifi tufayli Vengriya Yevropa Ittifoqi raisligidan mahrum qilinishi mumkin

Yevropa Ittifoqi mulozimlari Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Kengashi raisi sifatida Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga borgach, Vengriyani Kengash raisligidan olib tashlash imkoniyatini muhokama qilishmoqda, deb yozadi Financial Times nashri ma’lumotga ega manbalarga asoslanib.

Foto: Reuters

Orbanning Moskvaga tashrifi tufayli YeIga azo ko‘plab davlatlar Vengriyaning YeI Kengashiga raisligi chog‘ida Budepeshtda o‘tishi lozim bo‘lgan an’anaviy noformal vazirlar uchrashuvini boykot qilish, Vengriya bosh vazirining «manyovr erkinligini» cheklash haqida o‘ylab qolishgan.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining yuridik xizmatidagilar Orbanning Rossiyaga borishi va Vladimir Putin bilan uchrashuvi YeI mamlakatlari o‘rtasida tuzilgan kelishuvlarga zid ekanini ta’kidlashmoqda. Yuristlarga ko‘ra, Orban YeI «maqsadlariga yetishishni tahdid ostida qoldirishi» mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni taqiqlovchi ittifoqchilik shartnomasini buzgan. U shuningdek, «tashkilotning barcha a’zolarini o‘zaro birdamlik va sodiqlik ruhida tashqi siyosiy faoliyat olib borishga chaqiruvchi huquqiy nizom»ni ham buzgan.

«Orbanning Moskvaga tashrifi siyosiy xato bo‘ldi. O‘n yil ichida men bir davlatning xatti-harakatlariga YeIga a’zo boshqa 26 davlat bu qadar keskin reaksiya bildirganiga duch kelmagan edim. Vengriya sariq kartochka olishi mumkin. Bunday ish usulini qabul qilib bo‘lmaydi», — degan Financial Times’ga Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel.

Orban esa g‘alati xatti-harakatlari bilan barchani hayron qoldirishda davom etmoqda. Ayni paytda Vashingtonda o‘tayotgan NATO sammitida qatnashish uchun AQShda bo‘lib turgan Vengriya bosh vaziri Donald Tramp bilan uchrashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Agentlikka ko‘ra, Vengriya yetakchisi Tramp va Putin o‘rtasida vositachilik qilmoqda, degan xavotirlarni kuchaytirmoqda. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, noformal uchrashuv Trampning Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tadi.

O‘tgan haftada Viktor Orban Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan, Moskvada Vladimir Putin bilan, Pekinda Si Jinping bilan uchrashgan va o‘zining safarlarini «tinchlik missiyasi» deb atagan edi.

Vengriya 1 iyuldan boshlab YeIga raislik qilmoqda. Yevropa Ittifoqi mulozimlari Orbanning bu tashriflarini tanqid ostiga olib, bunday xatti-harakat YeIning global masalalar bo‘yicha pozitsiyasini barbod qilishi mumkinligini ta’kidlashgan.

Mavzuga oid