
Kuzning dastlabki oyi oliy ta’lim olishda to‘g‘ri qaror qabul qilishning ayni pallasi hisoblanadi. Bugun O‘zbekistonda va xorijda sifatli ta’lim olishning cheksiz imkoniyatlari bor. Misol uchun Vengriyada o‘zbekistonlik talabalar soni tobora ko‘paymoqda.

Vengriya ta’limi nimasi bilan muhim?
Vengriya Oliy ta’lim muassasalarida xorijlik talabalar soni bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida oltinchi o‘rinda turibdi. Ya’ni u yerda o‘qish qulay bo‘lgani sababli ko‘pchilik mamlakatlar aholisi Vengriyada ta’lim olishni ma’qul ko‘rishadi.
2023 yilga kelib, Vengriyada ta’lim olayotgan xorijlik talabalarning soni 45,000 atrofida bo‘lgan. Vengriyaning ko‘pgina universitetlari xalqaro talabalar uchun yangi imkoniyatlar va ta’lim dasturlari taklif qiladi.

Vengriya universitetlari jahon reytinglarida yuqori o‘rinlardan joy olgan va ularning ta’lim sifati xalqaro standartlarga mos keladi. Vengriyada ta’lim sifati yuqori, talabalar esa yuqori darajadagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi. Masalan, Budapesht Texnologiya va Iqtisodiyot Universiteti va Etvos Lorand Universiteti xalqaro darajada tan olingan oliy o‘quv yurtlaridir.
Vengriyada ko‘plab ta’lim dasturlari ingliz tilida olib boriladi, bu esa xorijlik talabalar uchun qulaylik yaratadi.
Vengriyada kontrakt narxlari Yevropaning boshqa mamlakatlariga nisbatan arzon. Bu talabalar uchun iqtisodiy jihatdan nihoyatda kerakli omil. Shuningdek, yashash narxlarining ham pastligi ijarada yashaydiganlar uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Yevropa Ittifoqi diplomi va talabalarga moliyaviy yordam
Vengriya Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lib, bu yerda olingan diplomlar O‘zbekistonda va Yevropaning barcha mamlakatlarida tan olinadi. Bu talabalar uchun mamlakatimizda yoki dunyoning istalgan nuqtasida ishlash imkoniyatini oshiradi. Bu esa O‘zbekistonda yetuk va salohiyatli kadrlar uchun imkoniyatlar katta bo‘lgan hozirgi davrda talaba uchun qulay sharoit deganidir.















