Jahon | 22:05 / 31.07.2024
13880
3 daqiqa o‘qiladi

HAMASning liderlarini o‘ldirish mumkin, lekin g‘oyasini o‘ldirib bo‘lmaydi - tahlilchilar

Ismoil Haniyaning yo‘q qilinishi milliy ozodlik g‘oyasi atrofida birlashgan Falastin xalqining tarixiy kursiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Isroil HAMASni tashkilot sifatida yo‘q qilishga erishgan taqdirda ham, ertami-kechmi shu yoki boshqa nom ostida xuddi shunday tashkilotlar paydo bo‘laveradi, deydi tahlilchilar.

Kun.uz muxbiri “Geosiyosat” dasturining bugungi sonida Falastinning HAMAS tashkiloti siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning Tehronda o‘ldirilishi bo‘yicha savollar bilan siyosiy tahlilchilar Farhod Karimov va Kamoliddin Rabbimovga murojaat qildi.

Karimovning fikricha, bu hujumga HAMAS va Eron tomonidan Isroilga yirik harbiy javob bo‘lishi ehtimoli ancha past.

“HAMAS 7 oktyabrdan beri Isroil bilan urush holatida, harbiy potensiali ancha pasaygan, shu sabab juda katta javob reaksiyasini qaytara olmaydi Isroilga. Haniyaning o‘ldirilishi ortida HAMASni parchalash g‘oyasi turibdi. Ya’ni tashkilot ichidagi birlikni yo‘qotish maqsadi”, – deydi u.

Tahlilchining qayd etishicha, bu hujum Eron prezidenti sifatidagi ilk kunlaridanoq Pezeshkiyonning oldiga katta masalani qo‘yadi. Isroil o‘z oldiga qo‘ygan katta maqsadlariga erishish, AQShni mintaqada harbiy faollashtirish uchun Eronni urushga tortmoqchi. Pezeshkiyon bu vaziyatda bunday provokatsiyalarga berilmaslik kerakligini xalqqa tushuntirish yo‘lini tanlasa kerak, deydi tahlilchi.

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Isroil HAMAS rahbarlarini yo‘q qilgani bilan, bu – avvalo g‘oyaviy tashkilot. Ya’ni Isroil hatto HAMASni tashkilot sifatida yo‘q qilishga erishsa ham, ertami-kechmi boshqa nom ostidagi xuddi shunday tashkilotlar paydo bo‘laveradi.

“Bunday jangari guruhlar a’zolari har qanday pallada o‘lim kelishi mumkinligini tasavvur qila olishadi. HAMAS ham butunlay yo‘qolib ketmaydi. Keyingi 30 yillikda Isroilga qarshi turadigan guruhlar ancha rivojlanib bormoqda. Ismoil Haniyaning o‘limi mintaqa davlatlarida Isroilga bo‘lgan nafratni faqat oshiradi”, – deydi u.

Ekspertlar sharhi bilan to‘liq holda video orqali tanishing.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid