29 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil va Rossiyani mojaro zonalarida jinsiy zo‘ravonlik sodir etishda gumon qilinayotgan davlatlarning «qora ro‘yxati»ga kiritdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘tgan yili Isroil va Rossiyani «zo‘rlash yoki jinsiy zo‘ravonlikning boshqa shakllarini sodir etishda yoki ularga mas’ul bo‘lishda ishonchli tarzda gumon qilinayotgan»lar ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Oxirgi hisobot aynan shuni amalga oshirdi.
Associated Press nashrining yozishicha, 35 sahifalik hisobot dunyo bo‘ylab mojarolarda jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda yoki unga mas’ul bo‘lganlikda gumon qilinayotgan o‘ndan ortiq mamlakatdagi 77 ta hukumat va nodavlat tomonlarni «qora ro‘yxat»ga kiritadi. Unda aytilishicha, holatlar soni 2024 yilga nisbatan 2025 yilda keskin oshgan.
Hisobotda Isroil hamda Rossiya qurolli va xavfsizlik kuchlari tomonidan sodir etilgan dahshatli zo‘ravonliklar tavsifi o‘rin olgan.
Ro‘yxatga kiritilish sanksiyalar kabi muayyan jazo choralarini avtomatik ravishda keltirib chiqarmasa-da, ommaviy ravishda nomini oshkor qilish va qoralash tegishli davlatlarning obro‘-e’tiboriga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, ro‘yxatga qayta-qayta kiritilgan davlatlar BMTning tinchlikparvarlik operatsiyalaridan chetlashtiriladi.
Vahshiyliklar ortib bormoqda
BMT bosh kotibining mojarolardagi jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha maxsus vakili Pramila Pattenning so‘zlariga ko‘ra, BMT tomonidan global miqyosda tasdiqlangan mojaro bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik holatlari avvalgi yilga nisbatan 2025 yilda 100% dan ko‘proqqa oshgan. «Bu juda xavotirli tendensiya va hali «aysbergning uchi» xolos», dedi BMT rasmiysi.
Bu yilgi hisobotda aytilishicha, 2025 yilda «BMT G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildan bo‘lgan 14 nafar erkak, yetti nafar ayol, to‘qqiz nafar o‘g‘il bola va bir nafar qiz bolaga nisbatan qiynoq shaklida qo‘llanilgan mojaro bilan bog‘liq ko‘plab jinsiy zo‘ravonlik holatlarini tasdiqladi».












