Jahon | 21:12 / 07.08.2024
2941
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda Pokiston fuqarosi Donald Trampga suiqasd uyushtirishda gumonlanib hibsga olindi

U Nyu-Yorkda qotillikni amalga oshiradigan erkakni, «razvedka» uchun ayol va «qotillik yuz bergandan keyin e’tiborni chalg‘itish uchun norozilik aksiyasi o‘tkazadigan» 25 ga yaqin odamni izlagan.

Foto: Geller Report

AQSh hukumati mamlakatda siyosatchilarga suiqasd uyushtirish maqsadida til biriktirganlikda gumonlangan Pokiston fuqarosini hibsga oldi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi hujjatlari va o‘z manbalariga tayanib, CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bruklin federal prokurori 46 yoshli pokistonlik Asif Merchantga nisbatan ayblov e’lon qilgan. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, u birmuncha muddat Eronda yashagan va oilasi ham ushbu mamlakatda.

Merchant 12 iyulda, AQShdan chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rganida ushlangan. Bu gumonlanuvchi taxminiy qotillar — aslida huquq-tartibot organi xodimlari bo‘lgan shaxslar bilan uchrashganidan keyin sodir bo‘lgan. Uchrashuvlarning birida Merchant avgust oxiri — sentabr boshlariga rejalashtirilgan qotillikda «Pokiston va musulmon olamiga ziyon keltirayotgan» odamlar yo‘q qilinishini aytgan.

Prokurorlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Merchant Nyu-Yorkda qotillikni amalga oshiradigan erkakni, «razvedka» uchun ayol va «qotillik yuz bergandan keyin e’tiborni chalg‘itish uchun norozilik aksiyasi o‘tkazadigan» 25 ga yaqin odamni izlagan. Pokistonlik erkak qo‘lga olinganidan keyin tergov bilan hamkorlik qila boshlagan. Merchantning advokati ushbu ma’lumotni rad etdi.

Federal qidiruv byurosi (FQB) tergovchilariga ko‘ra, gumonlanuvchining nishonida AQShning amaldagi va sobiq amaldorlari, shuningdek, respublikachilar nomidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp ham bo‘lgan.

FQB ehtimoliy fitnani Pensilvaniyadagi mitingda Trampga uyushtirilgan suiqasddan bir necha hafta oldin tergov qilgan. CNN manbalariga ko‘ra, tergovchilar Asif Merchant Batlerdagi otishmaga aloqadorligi bo‘yicha biror isbotni topa olmagan.

Mitingdagi otishmadan keyin Amerikaning qator nashrlari AQSh hujumati Eronning Trampga suiqasd uyushtirishiga oid razvedka ma’lumotlarini qo‘lga kiritganini ma’lum qilgandi. Eron tomoni esa prezidentlikka nomzodni o‘ldirish rejasini rad etgan.

AQSh hukumati bir necha bor Eron «Al-Quds» Islom inqilobi muhofizlari korpusi maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy uchun qasos olishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Tramp eronlik generalni o‘ldirishni buyurgan

Eronlik general Qosim Sulaymoniy 2020 yil 3 yanvarga o‘tar kechasi AQShning Iroqdagi havo hujumi natijasida halok bo‘ldi. Havo hujumiga buyruqni o‘sha paytda AQSh prezidenti bo‘lgan Donald Tramp bergan. Eronlik yuqori martabali harbiy zobitning o‘ldirilishi Bag‘doddagi namoyishchilar AQSh elchixonasiga bostirib kirishga uringanidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi. Vashington diplomatik missiyaga hujum general Sulaymoniyning buyrug‘i bilan amalga oshirilganini bildirdi.

Mavzuga oid