O‘zbekiston | 16:08 / 12.08.2024
9575
2 daqiqa o‘qiladi

«Yangi O‘zbekistonning chinakam qahramonlari» - prezident sportchilarning Olimpiadadagi ishtiroki haqida

Shavkat Mirziyoyev sportchilarning Parij Olimpiadasidagi ishtiroki munosabati bilan tabrikladi. «Tokio Olimpiadasidan keyin top-15 ga kiramiz deb, katta maqsad qo‘ygandik… Bu yangi O‘zbekiston yoshlari nimaga qodir ekanini butun dunyoga ko‘rsatdi», - dedi u.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Davlat rahbari avvalo sportchilarning Parij Olimpiadasidagi ulkan tarixiy zafarlari bilan butun xalqni chin qalbidan tabrikladi.

«Tokio Olimpiadasidan keyin yaxshi niyat bilan top-15 ga kiramiz deb, oldimizga katta maqsad qo‘ygan edik. 208 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada sportchilarimiz  yuksak matonat, mahorat va iroda ko‘rsatib, dunyoda 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rin, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-o‘rinni egalladi. Bir yo‘la 3 nafar sportchimiz “ikki karra olimpiya chempioni”, degan yuksak sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Bu Yangi O‘zbekiston yoshlari nimaga qodir ekanini butun dunyoga ko‘rsatib, ularning natijalari tariximizda zarhal harflar bilan muhrlandi.

Barcha sportchilarimiz, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari Yangi O‘zbekistonning chinakam qahramonlaridir! Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi, ular bizning g‘ururimiz!» dedi prezident.

Ma’lumot uchun, Parijdagi Olimpiada O‘zbekiston uchun mamlakat mustaqil taraqqiyoti tarixida eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi, jamoa jami 90 nafar sportchi yuborgandi. Delegatsiya jami 13 ta medal — 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzani qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid