Jahon | 13:11 / 15.08.2024
10365
9 daqiqa o‘qiladi

Xon Yunusga to‘xtamayotgan hujum, Kurskka qo‘shin tortayotgan Rossiya va Afrikani chulg‘ab olgan ofatlar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning G‘azodagi Xon Yunus shahriga hujumlari to‘xtash bilmayapti. Al-Mag‘aziy qochqinlar lageriga berilgan aviazarbalar nishonlari yana yosh bolalar bo‘ldi. Qurbonlar va yaradorlar haqida habar qilinmoqda.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azo sektori bo‘ylab zarbalar uyushtirayotgan Isroil armiyasi 115 nafar endi tug‘ilgan chaqaloqlarning qotiliga aylangan, deb xabar qiladi G‘azodagi Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi.

Isroil armiyasi tanlab o‘tirmasdan tinch aholi ustiga bomba yog‘dirishda davom etmoqda. Kuni-kecha eksklavning markaziy qismidagi Dayr ul-Balahga ana shunday hujum qurbonlari Kumana Orifa va uning 4 kunlik egizak chaqaloqlari Aysel va Asir bo‘ldi.

Bu orada G‘azoda halok bo‘lganlar soni 40 mingga yaqinlashib qoldi. Urushning 313 kuniga kelib, eksklavda Isroil zulmi natijasida qurbon bo‘lganlar 39 ming 965 kishini, yaradorlar 92 ming 294 kishini tashkil etmoqda. So‘nggi sutka ichida 36 kishi halok bo‘lgan, 54 kishi yaralangan.

O‘ldirilganlarning 16 mingdan oshig‘i yosh bolalar. 21 mingdan ortiq bolalar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.

G‘arbiy sohildagi okkupatsiya

Isroil O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilidagi okkupatsiya qilingan Falastin yerlarida yangi manzilgohlar qurish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Isroil moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich G‘arbiy sohilning janubiy qismidagi Falastin yerlarida isroilliklar uchun noqonuniy manzilgohlar qurilishini e’lon qildi.

O‘ta o‘ng diniy sionizm partiyasi yetakchisi X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida “milliy burch — Gush-Etsion noqonuniy manzilgohini Quddus bilan birlashtirish”, deb yozgan.

Smotrichning qayd etishicha, isroilliklar tomonidan bosib olingan hududdagi “Naxal Xalets” manzilgohi Quddusdan janubroqdagi Gush-Etsionda joylashtiriladi.

Isroilning yo‘qotishlari

Isroil Mudofaa vazirligining reabilitatsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabridan buyon 10 mingdan oshiq yarador erkagu ayol askarlar markazga keltirilgan.

Bo‘linmaning xabariga ko‘ra, davom etayotgan urush tufayli har oy mingdan ortiq yangi yaradorlar qabul qilinmoqda.

Ma’lumotlardan ayon bo‘lmoqdaki, yarador ayol va erkak askarlarning 35 foizi ruhiy nosog‘lom va jarohatdan keyingi stress bilan bog‘liq ruhiyat buzilishiga duchor bo‘lgan. Bundan tashqari, 37 foiz yaradorlar qo‘l-oyoqlaridan ayrilgan yoki jiddiy jarohatlangan.

2800 ga yaqin yaradorlar ruhiy kurash ularning “asosiy jarohati” ekanini aytib o‘tishgan. Isroil okkupatsion armiyasining askarlari asosan sarosima, depressiya, jarohatdan keyingi azoblar, moslashuv va muomalaga kirishishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.

Yaradorlarning 3700 nafari qo‘l-oyoqlaridan o‘q yegan, bundan tashqari 192 nafarining boshiga o‘q tekkan, 168 tasi ko‘zlaridan ayrilgan, 690 nafarining umurtqa pog‘onasi jarohatlangan, shuningdek, qo‘li yoki oyog‘i kesib tashlangan 50 nafar bemor uzoq davolanmoqda. Shuningdek, bu yaradorlarga oldingi urushlarda yaralangan 530 nafar bemor ham qo‘shilib, davolanish kurslarini o‘tamoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Rossiya o‘z qo‘shinlarining bir qismini Ukrainadagi okkupatsiya qilingan hududlardan olib, Ukraina qo‘shinlarining Kursk oblastidagi yurishlarini to‘xtatish uchun tashlamoqda, deb yozmoqda The Wall Street Journal nashri amerikalik mulozimlarga asoslanib.

Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududidagi operatsiyasi Rossiyaning Ukrainada keng ko‘lamli bosqinida ishtirok etayotgan bo‘linmalarini olib chiqishga majburlamoqda.

Amerikalik tahlilchilar hozircha Kursk oblastiga qancha qo‘shin tashlanayotgani, bu hol Ukrainadagi jangovar harakatlarga nechog‘lik ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini hisoblab chiqishmagan.

Ukraina qurolli kuchlarining “Tavriya” bo‘linmasi matbuot kotibi Dmitro Lixoviyning xabar berishicha, Ukraina qo‘shinlari Rossiyaning Kursk oblastiga bostirib kirgach, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi nisbatan kichikroq qo‘shinlar kontingentini olib chiqishga majbur bo‘lgan.

Ukrainaga qarshi urushda askarlarning yetishmayotgani va ukrain qo‘shinlarining Kursk oblastidagi faol ilgarilashi Rossiya hokimiyatidagilarni navbatdagi harbiy safarbarlikni rejalashtirishga majbur qilmoqda, deb yozmoqda Bloomberg nashri Kremlga yaqin manbalarga asoslanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda hokimiyat xalq uncha ma’qullamaydigan safarbarlikdan qochish uchun chaqiriq bonuslarini oshirishga qaror qilgan. Biroq bu ish berayotganining belgilari kam — armiya 2022 yilning fevralidan buyon eng yuqori darajasiga yetgan frontdagi yo‘qotishlarning o‘rnini qoplash uchun yetarli tarzda yangi askarlar ololmayapti.

Hududdagi rahbarlar chaqiriq kvotalarini uchdan bir qismga bajara olishyapti, xolos.

Ikki anonim manbaga ko‘ra, vaziyat Rossiyani yangi safarbarlik to‘lqinini ko‘rib chiqishga majburlashi mumkin. Ulardan biri Rossiya hokimiyati buni frontdagi qo‘shinlarni rotatsiya qilish uchun chora sifatida taqdim etishini ta’kidlagan bo‘lsa, ikkinchisi safarbarlik shu yilning oxirigacha e’lon qilinishi mumkinligini aytdi. Ya’ni, hozir Rossiyada odamlar katta pul evaziga frontga jalb qilinayotgan bo‘lsa, safarbarlik e’lon qilinsa, odamlar hech qanday to‘lovlarsiz urushga olib ketiladi.

Afrikadagi ofatlar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti chorshanba kungi majlisida maymun suvchechagini yana global favqulodda vaziyat deb e’lon qildi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Afrika davlatlarida maymun suvchechagining yirik avj olishi kuzatilgan va bu yuqimli kasallik boshqa qit’alarga ham tarqalib ketish xavfi bor.

Tashkilot bosh direktori Tedros Gebreysus mazkur kasallikning xalqaro xavf darajasi bilan bog‘liq tashvishini bildirgan. U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasallik chulg‘ab olgan davlatda ham, butun jahonda ham davolash va kasallikning tarqalib ketishining oldini olish borasidagi ishlar davom ettirilishini qayd etdi.

Avvalroq Afrikada maymun suvchechagi bilan bog‘liq favqulodda holat rejimi joriy etilgan edi. Yil boshidan buyon Afrikaning 18 ta davlatida kasallikning 15 mingdan ortiq holatlari aniqlangan. 524 kishining shu kasallik tufayli o‘limi qayd etilgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 160 foizga ko‘p.

Aniqlangan kasallik holatlarining 90 foizdan ortiqrog‘i Konga Demokratik Respublikasiga to‘g‘ri keladi. Burundi, Keniya, Ruanda va Uganda kabi davlatlar ilk marta maymun suvchechagi qayd etilganini ma’lum qilishgan.

Afrika davlatlari nafaqat bu kamyob kasallikdan, suv toshqinlaridan ham zarar ko‘rmoqda. Tinimsiz yog‘gan yomg‘irlar shu paytgacha Markaziy va G‘arbiy Afrikadagi 700 ming insonga tashvish keltirmoqda.

Bu haqda BMT bosh kotibi vakilining o‘rinbosari Farhon Haq ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Afrika Respublikasi, Chad, Kot-d'Ivuar, Kongo Demokratik Respublikasi, Liberiya, Niger, Nigeriya, Mali va Togoda tinimsiz yog‘gan yomg‘irlar va buning oqibatida kelib chiqqan toshqinlar aholiga qiyinchiliklar yaratmoqda.

Hujumga uchragan bokschi

Parij olimpiadasi chempioni bo‘lgan jazoirlik bokschi Iman Xalif qiz bola bo‘lib dunyoga kelgani, hech qanday jins o‘zgartiruvchi operatsiyani boshidan kechirmaganini so‘zlab berdi.

U olimpiadada chiqishi chog‘ida raqibalarini bir-ketin yengar ekan, butun jahon ommaviy axborot vositalari tomonidan aslida u o‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilgani, transgender ekani to‘g‘risidagi yolg‘on va bo‘hton xabarlar bilan hujumga uchradi.

Iman Xalifning qonida testosteron miqdori yuqori, bu holat shunday sport turlari bilan shug‘ullanadigan ayollar o‘rtasida keng tarqalgan holat.

Parijdagi olimpiada finalida o‘rtacha og‘ir vaznda g‘olib chiqqanidan so‘ng bergan intervyusida u unga qilingan bo‘htonlarga nisbatan hissiyotlarini jilovlay olib, e’tiborini faqat boksga qaratish uchun o‘zida kuch topa olganini so‘zlab bergan.

Iman Xalif uning oltin medali unga nisbatan ayblovlarga javob bo‘lganini ta’kidlagan.

Shuningdek, jazoirlik bokschi kiberbulling uchun X (sobiq Twitter) ni sudga bergani ma’lum qilinmoqda. Da’vo arizasida Ilon Mask, Joan Rouling va Donald Tramp nomlari ham tilga olingan.

Mavzuga oid