O‘zbekiston | 22:22 / 16.08.2024
24968
4 daqiqa o‘qiladi

Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” loyihasiga ajratilgan pullar haqidagi “malomatlar”ga javob qaytardi

Madaniyat vazirining izohlashicha, bu loyiha O‘zbekistonning imiji uchun, iste’dodlarning yuzaga chiqishi uchun kerak. “Butun dunyoda – 76 ta davlatda eng top musiqiy shou mana shu bo‘la turib, agar shu 2 milliard pulga malomat qilaversanglar, uyimni sotib bo‘lsa ham beraman oxiri shu pulni”, dedi u.

Foto: AOKA

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bugun, 16 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Ovoz” loyihasiga budjetdan sarflangan pullar haqidagi tanqidlarga javob qaytardi.

“Bir narsani tushuninglar, bugungi kunda “Ovoz” loyihasi O‘zbekistonning imiji uchun xizmat qiladi. Agar shuning uchun 2 milliard [sarflash] jinoyat bo‘lsa, men roziman. Butun dunyoda – 76 ta davlatda eng top musiqiy shou mana shu bo‘la turib, agar shu 2 milliard pulga malomat qilaversanglar, uyimni sotib bo‘lsa ham beraman oxiri shu pulni.

Shu katta loyiha O‘zbekistonning nufuziga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi? Kelinglar, oldin shu haqda gaplashaylik. Shu loyihaning O‘zbekistonga kirib kelgani Markaziy Osiyoning hammasining ko‘zini “poq” etib ochib qo‘ydi-ku. Hammasi menga telefon qilib, “Biz qachon qatnashamiz?” deb so‘rashyapti. Shu kerak emasmi bizga, yurtimizning imiji uchun? Bitta sportchi ham shu ishni qilyapti borib, imijimizni ko‘tarib beryapti. Bu ham xuddi shunga o‘xshagan, O‘zbekistonni yanada tanitadi. O‘zbekistonning talantlarini birdan xalqaro maydonda ko‘rsatib qo‘yyapti. Ya’ni ular 76 ta davlatda ko‘rilyapti, shuncha davlatda e’tiborga tushyapti. O‘zbekistonni kartadan qidiryapti odamlar, shu kerak menga.

Shu ko‘rsatuv orqali bizga Kubadan ham, boshqa-boshqa davlatlardan ham ishtirokchilar kelyapti, qatnashyapti. Ishoninglar, bu iste’dodlarning yuzaga chiqishiga, respublikamizning imijiga xizmat qiladi. Bo‘ldi, boshqa narsa bermaydi. Agar yo‘q, bizga bu kerakmas desanglar, unda bilmadim”, degan vazir.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 2 aprel kuni “Talent Show” MChJ va Madaniyat vazirligi o‘rtasida 2 mlrd so‘mlik shartnoma imzolangan.

Shartnomaga ko‘ra, vazirlik “Ovoz” loyihasi tashkilotchilariga 6 oy davomida gonorar to‘laydi. Jumladan, teleloyihada qatnashuvchi 3 nafar ustoz uchun oyiga 38 mln so‘mdan jami 684 mln so‘m, 1 nafar badiiy rahbar uchun oyiga 57 mln so‘mda jami 342 mln so‘m, 1 nafar musiqa direktori uchun 38 mln so‘mdan, 228 mln so‘m hamda 6 nafar sozandaga 14,5 mln so‘mdan jami 522 mln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgandi.

Madaniyat vazirligi tomonidan “Ovoz” loyihasiga budjet mablag‘lari hisobidan 2 mlrd so‘m ajratilishi haqidagi xabar keng jamoatchilik tomonidan salbiy kutib olindi va hunuzgacha tanqid qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, “Ovoz” musiqiy loyihasi The Voice loyihasining rasmiy franshizasi bo‘lib, O‘zbekiston uni namoyish etish huquqini olgan. Loyiha dastlab prodyuser Jon de Mol tomonidan o‘ylab topilgan va 2010 yilda Niderlandiya televideniyesida namoyish etilgan.

Keyinchalik, loyihani franshiza usulida dunyoning ko‘plab mamlakatlari, masalan, AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Kanada, Belgiya, Turkiya, Avstraliya, Portugaliya, Braziliya, Tailand, Polsha va Ispaniya kabi davlatlar xususiy telekanallari sotib olgan.

Qayd etish joiz, boshqa mamlakatlarda bu loyiha uchun davlat budjetidan pul ajratilmaydi, telekanallar uni biznes loyiha sifatida sotib olishgan.

Mavzuga oid