Jahon | 17:59 / 16.08.2024
5108
4 daqiqa o‘qiladi

Pnevmokokka qarshi mo‘g‘ulcha kurash - Mo‘g‘uliston bu kasallik bilan qanday kurashyapti?

Streptococcus pneumoniae (pnevmokokk) butun dunyo bo‘ylab bolalar o‘limining asosiy sababchisi hisoblanadi. 2023 yilning martigacha pnevmokokkga qarshi vaksinalar 168 ta davlatda joriy qilingan bo‘lsa-da, kasallanish holatlari yuqori, daromadi o‘rta va past bo‘lgan ayrim mamlakatlar vaksinalardan foydalanishda ortda qolmoqda. Ushbu maqolada esa Mo‘g‘uliston bu kasallikka qarshi qanday kurashayotgani haqida gap boradi.

Foto: JSST

Invaziv pnevmokokk kasalligini kuzatish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning tashilishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadqiqotlar vaksinalar ta’sirini aniqlash uchun eng muhim ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda. Hozirgi vaqtda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida vaksinaning ta’siri haqida ma’lumotlar ko‘p emas.

Taxminan 3,4 million aholiga ega Mo‘g‘uliston Osiyodagi daromadi o‘rtachadan past bo‘lgan mamlakatlardan biri. Mo‘g‘ulistonda respiratorli va pnevmokokk kasalliklarni keltirib chiqaruvchi ko‘plab xavf omillari mavjud. Bu Mo‘g‘ul hukumatini 2016 yildan boshlab 13 valentli PCV (PCV13) vaksinasini milliy immunizatsiya dasturiga bosqichma-bosqich kiritishga undadi. Vaksina ta’sirini baholash uchun Mo‘g‘uliston hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Merdok bolalar tadqiqot instituti (MCRI) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Yuqumli kasalliklar milliy tadqiqot markazi, shuningdek, shifoxonalar va oilaviy salomatlik markazlari xodimlari bilan birgalikda jamoa qariyb o‘n yil davomida keng qamrovli ishlarni amalga oshirdi. Tadqiqot kasalxonalarda pnevmoniyani kuzatish dasturi hamda kasallik tashuvchilarni uch bosqichda tekshirish jarayonlarini o‘z ichiga oldi.

Kasalxona nazoratida PCV13 vaksinasi og‘ir pnevmoniya bilan yotqizilgan bemorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. PCV13 joriy etilishidan oldingi davr (2015 yil) vaksina joriy qilinganidan keyingi bir yillik (2017) bilan taqqoslanganda bemor bolalarda virusni tashish 50 foizga kamaygani aniqlandi. Tadqiqot orqali bog‘cha yoshidagi bolalar orasida virus almashinuvi  ham isbotlandi.

Mo‘g‘ulistonda tuman darajasida birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatadigan sog‘liqni saqlash tizimi mavjud. Oilaviy salomatlik markazlari shifokorlari va hamshiralari aholining asosiy qatlami, jumladan, homilador ayollar, chaqaloqlar, bolalar va keksalar salomatligini nazorat qiladi.

Shifokorlar va hamshiralar tadqiqotga mos keluvchi chaqaloqlarni aniqlagan. Oilaviy salomatlik markazlari turli aholi punktlaridan tasodifiy tanlab olingan.

Mo‘g‘uliston va avstraliyalik tadqiqotchilar hamkorligi bolalar sog‘lig‘ida sezilarli o‘zgarishlarga olib keldi. Ushbu tadqiqot Mo‘g‘ulistonda PCV13 joriy etilganidan olti yil o‘tgach, vaksinaning pnevmokokklar tashilishiga sezilarli ta’sirini isbotlandi. Mo‘g‘ulistonda PCV13 serotipini tashish kamayishi aholi orasida pnevmokokk bilan kasallanishning kamayishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, mutaxassislar vaksina tarkibidagi ayrim mikroorganizmlar barqaror saqlanib qolishi yoki ularning o‘rnini bosuvchi yangilari paydo bo‘lishini aniqladi. Bunday topilmalar invaziv pnevmokokk kasalligini kuzatish imkoni bo‘lmaganda, ularning tashuvchilarini doimiy nazorat qilish bo‘yicha tadqiqotlar zarurligini ko‘rsatadi. Ushbu tadqiqot natijasida PCV vaksinasi Mo‘g‘ulistonning Emlash haqidagi qonuniga kiritildi.

PCV vaksinalari bozorga chiqishda davom etayotgan bir paytda bunday ma’lumotlardan emlash strategiyalari haqida axborot berishda foydalanish mumkin. Bu kabi emlash dasturlarini takomillashtirish butun dunyoda bolalar salomatligi natijalarini yaxshilash uchun juda muhim hisoblanadi.

Mavzuga oid