Putinning samolyoti dushanba kuni kechqurun Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorga qo‘ndi. Bu yerda uni faxriy qorovul kutib oldi, u o‘z yo‘liga to‘shalgan qizil gilam bo‘ylab o‘tdi.
Seshanba kuni tongda Ulan-Bator markazida, Mo‘g‘uliston prezidenti qarorgohida Putinni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.
Rossiya rahbari Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Hurelsuh taklifi bilan ushbu mamlakatga tashrif buyurdi, TASS agentligi bunday taklif Pekinda 2023 yil kuzida o‘tkazilgan uchrashuvda berilganini eslatgan.
Putin Ulan-Batorga yetib borishidan ko‘p o‘tmay Ukraina TIV rasmiy vakili Georgiy Tixiy mo‘g‘ul hukumatining Xalqaro jinoiy sud sudi orderi bo‘yicha Rossiya prezidentini hibsga olmaslikka qaror qilganini qoraladi.
Haagada joylashgan sud Putin keng ko‘lamli bosqindan keyin Ukrainadagi bolalar Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilinishida javobgarligini da’vo qiladi.
«Mo‘g‘uliston hukumatining Putinni hibsga olish to‘g‘risidagi majburiy qarorni bajarmagani — Xalqaro jinoiy sud va xalqaro jinoiy huquq tizimiga og‘ir zarba bo‘ldi, — deyilgan ukrainalik diplomatning telegram-kanalidagi xabarda. — Mo‘g‘uliston ayblanayotgan jinoyatchiga odil sudlovdan qochish imkonini berdi va shu tariqa uning harbiy jinoyatlari uchun mas’uliyatga sherik bo‘ldi. Biz hamkorlar bilan bu Ulan-Bator uchun oqibatlarga ega bo‘lishi ustida ishlaymiz».
Dushanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yana bir bor Moskvadagilar Putin XJS orderi bo‘yicha Mo‘g‘ulistonda hibsga olinishi mumkinligi borasida xavotirlanmayotganini bildirdi. «Mo‘g‘uliston bilan bunday muammo yo‘q», — deya Peskovdan iqtibos keltirgan TASS agentligi.
Xalqaro jinoiy suddagilar bu borada nima deydi?
O‘tgan hafta oxirida XJS matbuot kotibi, doktor Fadi Al-Abdulla BBC bilan suhbatda sud a’zosi bo‘lgan mamlakat «Rim statutining IX bobiga ko‘ra hamkorlik qilish majburiyatini olishi»ni aytgandi.

Bu kelishuvda agar ularning bajarilishi boshqa davlat oldidagi «oldinroq tuzilgan shartnoma majburiyatlarini buzish» yoki uchinchi davlat vakillarining diplomatik immunitetini yoki mulkini buzishga olib keladigan bo‘lsa, a’zo davlatlar o‘z majburiyatlaridan ozod etilishi mumkinligi haqida band ham bor.










