Jahon | 21:33 / 18.08.2024
9903
10 daqiqa o‘qiladi

Mahmud Abbos G‘azoga bormoqchi. Qanday qilib?

Netanyahuning AQSh kongressidagi nutqidan 22 kun o‘tib, Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ham Turkiya parlamentida chiqish qildi. Xo‘sh, uning G‘azoga borish haqidagi rejasi qanchalik real?

«Geosiyosat»da Yaqin Sharqdagi eng muhim voqeliklar haqida siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Mahmud Abbosning Turkiya parlamentidagi chiqishi avvalgi tanqidlardan so‘ng ramziy ma’nodami yoki real siyosiy vaziyatdan kelib chiqib bu amalga oshirildimi?

Farhod Karimov: Hamas birin-ketin o‘z siyosiy boshliqlaridan ayrilmoqda va dunyo siyosiy kuchlari yakdil qarorga kelmoqda. Falastinga G‘arbga va Isroilga mo‘’tadil bo‘lgan siyosiy kuchlarni shakllantirish masalasi ko‘rilayotganligi ta’kidlanmoqda. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, Falastindagi ayrim siyosiy guruhlar navbatdagi Falastinda kim lider bo‘lishi uchun o‘zaro raqobatni boshlab yuborishadi. Hamasning boshliqlari yo‘qotilayotganligi uchun ham bu maydonga Fath kirib kelmoqda. Shu sababdan otni qamchilab qolish maqsadida, Turkiya Falastindagi istiqboli mavjud tashkilotni qo‘llab-quvvatlamoqchi. Agar Falastinda mo‘’tadil vaziyatni shakllantirish kerak bo‘lsa, Turkiya ham bundan chetda qolmaslik uchun harakatni boshladi. Ikkinchidan bu yerda ramziy ma’no ham bor, faqat Isroil emas, boshqa siyosiy kuch bor ekanligini ko‘rsatib qo‘yish uchun Turkiya maydonga chiqdi. Uchinchidan Falastinda siyosiy kuchlar ko‘p ekanligini va ularni birlashtirish masalasi ham turganligini inobatga olib, kimni qo‘llab-quvvatlash kerakligi ko‘rsatib qo‘yilishi kerakligi uchun ham bu chiqish o‘tkazildi. Ya’ni Hamasning siyosiy mavqei tushayotganligini inobatga olib agar shunday holat yuzaga kelsa, Falastindagi boshqa siyosiy kuchlar Fath atrofida birlashishi kerakligiga ishora qilinayotganday.

- Mahmud Abbos G‘azoga bormoqchi bo‘lsa, bu qanday amalga oshadi?

Kamoliddin Rabbimov: Bugungi kunda G‘azoga borish, Isroil qo‘yayotgan shartlarni inkor qilish bilan baholanadi. Mahmud Abbos G‘azoga borib, u yerda o‘zining liderligini ko‘rsatmoqchi. Ammo Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan beri na Hamas, na Fath bilan kelishuv amalga oshirilmaydi degan shartni qo‘yib kelmoqda. Va Isroil o‘zi uchun Fathning raqibi sifatida o‘ziga eng qulay shaxslarni izlayapti, ammo ularni hali topgani yo‘q. Kimki Falastin davlatchiligini istasa, bu Isroil uchun nomaqbul kuch sifatida baholanmoqda. Turkiya esa Yaqin Sharqdagi vaziyatni o‘zgartirmoqchi. Turkiya bir tomondan Amerikani siqib chiqarishni istaydi va Rossiyaning mavqeining pasayishini istaydi. Bunda bir necha holatlarni misol keltirish mumkin, Fath rahbari Turkiyaga keldi, undan avval Ismoil Haniyaning o‘g‘illari taklif qilindi, Erdo‘g‘an ularni qo‘llab ramziy dastagni ham berdi. Ko‘p yillardan beri Iroq bilan Turkiya harbiy-strategik kelishuvlarni amalga oshirmoqda. Qolaversa, Rossiya orqali Suriyadagi Bashir arablar ham kelishuvlarga intilmoqda va Turkiya bilan ham kelishuvlar amalga oshirilishi reja qilinmoqda. Bunda mintaqadan Amerikani siqib chiqarish harakatlari boshlangan. Ammo Turkiya va Isroil o‘rtasida uzoq yillardan beri aloqalar mavjud bo‘lgan, buni tezda uzib yuborish ancha murakkab, ammo Erdo‘g‘an o‘z va’dasida turib hozirgacha 10 milliardlik loyihalardan voz kechdi.

— Isroilning asosiy mansabdor shaxslarini Turkiyaning ehtimoliy keyingi davlat liderlari sifatida, Istanbul merini ko‘rishi singari xabarlar fonida Erdo‘g‘anning o‘zining motivlari bormi yoki umumiy Turkiyaning manfaatlari bormi?

— Bu borada Misr va Qatarning pozitsiyasi g‘arbnikiga yaqin bo‘lgani, Turkiya esa ularni qo‘llamayotgani uchun Turkiyani bir necha muzokaralarga taklif qilishmayapti. Ammo Turkiya boshqacha siyosiy o‘yin qilgan holda Fath singari tashkilotlarni qo‘llayaptiki, agar mustaqil Falastin davlati tashkil etilsa ham bu Misr va Qatarning manfaatlariga mos davlat bo‘lishi, Turkiyaning manfaatlari inobatga olinmasligi mumkin. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, biz Fath singari tashkilotni qo‘llab chiqamiz degan fikrni ilgari surmoqda. 

Mahmud Abbos Ismoil Haniyaning dafn marosimida ishtirok etmadi, agar u G‘azoga boradigan bo‘lsa, G‘azo xalqi uni qanday qabul qiladi?

Mahmud Abbos G‘azoga 2006 yildan beri bormagan, ko‘pincha Fathni g‘azoliklar g‘arbga yaqinlik bilan ayblashadi. 7 oktyabrdan beri davom etayotgan qirg‘inga Fath hech qanday reaksiya bildirmay kelayotgan bo‘lsa, Mahmud Abbos u yerga borsa, albatta, u yerdagi aholi boshqaruvni o‘z qo‘liga olish uchun Fath bunday harakat qilmoqda deb o‘ylaydi. Ammo AQSh yoki Isroil uni boshqaruvchi nomzod sifatida qabul qilsa, chunki shu vaqtgacha g‘arbga yaqinligi, keskin taqiqlarni amalga oshirmagani uchun, Falastin uni bosim orqali navbatdagi nomzod sifatida ko‘rishi mumkin.

— Mahmud Abbosning G‘azoga tashrifi Falastinning jur’atini namoyon qiladi va Isroilning bunga reaksiyasi qanday bo‘ladi?

Kamoliddin Rabbimov:

Isroil buni iloji boricha to‘xtatishga harakat qiladi. Bu Misr orqali amalga oshadimi yoki boshqa yo‘llar orqalimi bunisi savolligicha turibdi, ammo shu vaqtgacha butun Falastindagi siyosiy kuchlarni bo‘lib tashlash va ularni bir-biriga gijgijlash kuchli bo‘ldi. Isroil uchun Xitoyda 14 ta Falastindagi siyosiy guruhlarning birlashuv uchrashuvi bo‘lishi favqulodda holat bo‘ldi. Shu sababdan ham Isroil Ismoil Haniyani yo‘q qilishga, muzokaralarni ortga surishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yerda Isroilning asosiy maqsadi o‘ziga bo‘ysungan Falastin davlatini tashkil qilish emas, umuman Falastin davlati tashkil qilinishining oldini olish aslida. Chunki Isroilning uzoq muddatli strategiyasi Falastin hududlarini to‘liq o‘zlashtirib olish. Ammo bunga dunyohamjamiyati imkon berishni xohlamaydi. Buni Turkiya misolida ko‘rish mumkin.

— Mahmud Abbosning shaxsiyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning rahbarlik muddati tugaganmi?

Farhod Karimov: Mahmud Abbosning yoshi va rasman rahbarlik muddati tugaganligidan kelib chiqadigan bo‘lsak, Mahmud Abbos tomonidan ham, Fath tomonidan ham bizda o‘rinbosarlar yetarlicha darajada faqat huquqiy jihatdan bizga shu maqsadlarni yaratib berish masalasi turibdi deyilgan. Agar Fath tomonidan boshqa yetakchilar taklif etiladigan bo‘lsa ham bu mo‘’tadil yetakchi bo‘lishi kerakligi aytilgan. Ammo Fathda ham o‘ziga xos kayfiyat bor, chunki butun Falastin jamiyatining fikridan voz kechib, Isroilning buyruqlarini bajaruvchi tashkilotga aylansa, bu uning obro‘yiga putur yetkazishi mumkin. Ammo bugungi kunda Fathni qo‘llab turgan davlatlar ham bor.  

- Agar Mahmud Abbos G‘azoga borsa, bu Falastin va Isroil urushiga ta’sir ko‘rsatadimi?

Kamoliddin Rabbimov:

Bu tashrif qandaydir tub burilish yasashining ehtimoli kam. Chunki Mahmud Abbos yoki uning administratsiyaning imkoniyatlari nihoyatda cheklangan. Aksincha Isroil bu yerda kutilmagan choralarni qo‘llashi mumkin. 2003-2005 yillarda Yosir Arofatga nisbatan hattoki o‘q otish holatlari ham bo‘lgan edi. Bu masalani Mahmud Abbos va uning atrofidagilar juda yaxshi bilishadi. Isroil bunday munosabatlarni juda ko‘p qilgan. Ammo o‘sha hududga borib, ikki davlatning yakdil siyosiy tizimini yaratishga harakatlar bo‘lishi mumkin. Lekin Isroil bunga juda ko‘p to‘siqlar qo‘yadi. Bu yerda to‘siqlarni yorib o‘tishga qanchalik Fathning irodasi yetar ekan, qaysi davlatlar ularni qo‘llaydi ekan degan savollar ham bor. Chunki Netanyahu Amerikaning manfaatlarini to‘liq o‘ylab ish tutmaydigan holatlar ham ko‘p bo‘ldi. Ammo Amerika Isroilni ham, boshqa arab davlatlarini ham qo‘llashni xohlaydi. Isroilga esa mo‘’tadil holat emas, tezroq o‘zining uzoq muddatli loyihalarini amalga oshirishni xohlaydi. Mahmud Abbosning G‘azoga tashrifi amalga oshsa ham vaziyatning cardinal o‘zgarishiga ishonish qiyin. 

— Mahmud Abbos so‘zlagan nutqidagi va’dalarga qanchalik ishonish mumkin? Bu real amalga oshadimi?

Farhod Karimov: Mahmud Abbos Fathning yo‘qolib borayotgan mavqeini tiklash uchun turli va’dalarni bermoqda, ammo uning resurslari ancha cheklangan. «Hizbulloh»day tashkilot bunda biror tayinli natijaga erisha olmadi, Fathning bu urinishlari biroz ishonchsiz. Mana shunday holatda Fath rahbari Rossiya, Turkiyaning jarayonga munosabatini bilish uchun harakat qildi va Turkiyaga bordi. Bunda Turkiya ham xalqaro tashkilotga murojaat qilishi yoki Misr orqali unga yordam berishi mumkin. Ammo Fath Falastindagi urushni to‘xtatish uchun emas, o‘z obro‘yini tiklash uchun bu ishni amalga oshirishni rejalashtirgan.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid