Jahon | 20:41 / 17.05.2026
4230
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh muzokaralarni qaytadan boshlash uchun Eronga beshta shart qo‘ydi - OAV

AQSh shartlari orasida Eronga tovon puli to‘lamaslik va Erondan 400 kg uranni olib chiqish kabi shartlar bor. Avvalroq Eron muzokaralarga kirishish uchun o‘zining beshta shartini ilgari surgan edi.

Foto: Shutterstock

Tehronning tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichini boshlashdan oldin bajarilishini talab qilgan besh shartiga javoban Vashington ham o‘zining besh talabini ilgari surdi. Bu haqda Eronning Fars agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSh shartlari quyidagicha:

AQSh tomonidan hech qanday kompensatsiya to‘lanmasligi;

Eronning 400 kg urani AQShga topshirilishi;

Eron yadroviy obektlaridan faqat bitta majmuaning ishlashi;

Eron aktivlarining hatto 25 foizini ham muzlatuvdan chiqarmaslik;

barcha frontlardagi jangovar harakatlarni to‘xtatishni muzokaralarning o‘tkazilishi va borishi bilan bog‘lash.

Agentlikning ta’kidlashicha, Eron ushbu shartlarni bajargan taqdirda ham AQSh va Isroil tomonidan tajovuz xavfi saqlanib qoladi.

Ushbu haftada Eron muzokaralarni qayta boshlash uchun o‘zining beshta shartini ilgari surgandi:

barcha frontlarda, ayniqsa Livanda urushni tugatish;

Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish;

Eron mablag‘larini muzlatuvdan chiqarish;

jangovar harakatlar oqibatida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lash;

Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan suverenitet huquqini tan olish.

«Ushbu shartlar yig‘indisi faqat muzokaralar jarayoniga qaytish uchun minimal ishonch muhitini yaratish doirasida belgilangan bo‘lib, Tehron ushbu bandlar amaliy jihatdan bajarilmas ekan, yangi muzokaralarga kirishish mumkin emas deb hisoblaydi», — deyilgan Eron tomoni bayonotida.

May oyi boshida Eron AQShga 14 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etgan, unda jangovar harakatlarni to‘xtatish, hujum qilmaslik kafolatlari, dengiz qamalini bekor qilish, aktivlarni muzlatuvdan chiqarish va Amerika qo‘shinlarini olib chiqish talab qilingan. Tasnim ma’lumotiga ko‘ra, Tehron asosiy masalalarni 30 kun ichida hal qilishni taklif qilgan va sulhni uzaytirishga emas, «urushni tugatish»ga urg‘u bergan

The Wall Street Journal yozishicha, Eron avval jangovar harakatlarni to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalari qatnovini bosqichma-bosqich tiklashni taklif qilmoqda. AQSh esa bunga parallel ravishda Eron portlari va kemalariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni taklif etgan. WSJ ma’lumotiga ko‘ra, asosiy kelishmovchilik Eronning yadroviy dasturi masalasida: Vashington yadroviy infratuzilma va uran zaxiralari bo‘yicha majburiyatlarni oldindan belgilashni talab qilmoqda, Tehron esa buni alohida 30 kunlik muzokaralarga qoldirishni istamoqda.

Shunga qaramasdan, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron takliflarini qabul qilib bo‘lmaydigan deb atadi. Tehronda esa «o‘zini AQSh prezidenti deb atayotgan shaxs»ning reaksiyasi ular uchun «hech qanday ahamiyatga ega emasligi» aytildi.

Hozirda tomonlar o‘rtasida aprel oyi boshida imzolangan va AQSh prezidenti tomonidan noma’lum muddatga uzaytirilgan sulh amal qilmoqda. Biroq may oyi boshida tomonlar o‘zaro zarbalar almashgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid