Jahon | 13:31 / 23.08.2024
6507
3 daqiqa o‘qiladi

Tesla zavodi tufayli Berlin yaqinida 500 000 daraxt kesildi

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, Tesla gigafabrikasini qurish uchun Berlin yaqinidagi 329 gektar o‘rmon kesilgan. Atrof-muhit faollari Ilon Mask kompaniyasining ishlab chiqarishni kengaytirishiga to‘sqinlik qilishni talab etmoqda.

Foto: Axel Schmidt/Getty Images

Berlin yaqinidagi Gryunxaydda Tesla gigafabrikasi qurilishi 329 gektar maydonda keng ko‘lamli o‘rmonlarning kesilishiga olib keldi. Bu taxminan yarim million daraxtga teng, deb yozadi Britaniyaning The Guardian gazetasi 22 avgust, seshanba kuni Kayrros tomonidan o‘tkazilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga tayanib.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rmonlarni kesish 2020 yildan 2023 yilgacha davom etgan. Shu bilan birga, 2024 yil iyul oyida Brandenburg federal yeri hukumati ekologiya faollari bir necha bor qarshilik ko‘rsatgan ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Yevropadagi yagona Tesla elektromobil zavodini kengaytirish rejalarini ma’qulladi.

«Germaniyaning eng qurg‘oqchil mintaqalaridan birida atrof-muhitning haddan tashqari ko‘p qismi vayron bo‘lgan. Ishlab chiqarishni kengaytirish va shu bilan bog‘liq holda o‘rmonlarni yo‘q qilish va qo‘riqlanadigan ichimlik suvi hududlariga tahdidning oldini olish kerak», - deya iqtibos keltiradi The Guardian Turn Off Tesla’s Tap («Tesla jo‘mragini burab qo‘ying») tashkiloti faoli Karolina Jyevoning so‘zlaridan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kayrros tahlillari shuni ko‘rsatdiki, Tesla ishlab chiqarishi nafaqat atrof-muhitga zarar yetkazdi, balki elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishda qo‘llanadigan nodir tuproq metallarini qazib olish natijasida global oqibatlarga olib keldi.

Gryunxayddagi Tesla zavodiga qarshi norozilik va diversiya

2024 yil may oyidan beri atrof-muhit faollari yaqin atrofdagi lagerda daraxt uylarini qurish va zavod maydoniga bostirib kirishga urinib, gigafabrikaning rejalashtirilgan kengaytirilishiga qarshi norozilik bildirishmoqda. Mart oyi boshida noma’lum bosqinchilar elektr tarmog‘iga o‘t qo‘yib, Berlin yaqinidagi bir qancha aholi punktlarida elektr ta’minotida uzilishlarni yuzaga keltirgan. Tesla zavodida ham elektr o‘chdi. O‘shanda avtomobil ishlab chiqaruvchisi ishlab chiqarishni to‘xtatishga va kompaniya xodimlarini evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi.

Amerikalik milliarder Ilon Maskning kompaniyasi 2022 yilning mart oyidan beri Gryunxaydda elektromobillar ishlab chiqaradi. Zavodda 12 mingga yaqin kishi ishlaydi.

Mavzuga oid