O‘zbekiston | 13:10 / 26.08.2024
3332
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand xalqaro texnologiya universitetining 74 nafar talabalariga grant berildi

Talabalardan 71 nafari ta’limni to‘liq grant asosida oladi, 3 nafari esa to‘lov-kontrakt shaklida 25 foizdan 50 foizgacha chegirmaga ega bo‘ldi.

Foto: Samarqand xalqaro texnologiya universiteti

Ushbu grantlar SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilov tomonidan universitetning birinchi kurs talabalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis qilingan bo‘lib, kirish imtihonlarida eng yaxshi natijaga erishgan, shuningdek, 1200 balldan yuqori SAT sertifikatiga yoki IELTS 8.0 va undan yuqori ballga ega bo‘lgan talabalarga taqdim etildi. ERIELL kompaniyalari guruhi xodimlarining farzandlari ham grant asosida ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, I va II guruh nogironlari bo‘lgan talabalarga to‘liq grant asosida o‘qish imkoniyati, ota-onasi I va II guruh nogironi bo‘lgan talabalar uchun esa 50 foiz chegirma berildi. Bir oiladan ikki yoki undan ortiq talaba o‘qishga qabul qilingan holatda ularga 25 foizli chegirma taqdim etildi.

Bundan tashqari, 2024-2025 o‘quv yili uchun universitetda uchta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat grantlari ajratildi. Jumladan, Energy and Power Engineering yo‘nalishiga 10 ta, Petroleum Engineering yo‘nalishiga 10 ta va Mining yo‘nalishiga 15 ta grant ajratilgan. Universitetda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quv jarayonida bepul ta’lim olish uchun maxsus grant dasturi ham mavjud.