O‘zbekiston | 19:40 / 03.09.2024
4950
6 daqiqa o‘qiladi

3 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Boysundagi kondan sizib chiqqan zaharli gaz, o‘zbek san’atining klassik hofizi vafot etdi, Toshkent yaqinida qurilishi mo‘ljallanayotgan parrandachilik klasteri— kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Boysundagi gaz konida texnogen falokat

Surxondaryoning Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konida texnologik jarayon buzilishi sababli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatildi. Kon yaqinidagi qishloqlardan fuqarolar evakuatsiya qilina boshlagan.

Voqea 1 sentabr kuni sodir bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, soat 15:17 da tumanning «Ko‘lqamish» MFY hududida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» koniga qarashli 604-sonli qudug‘ida burg‘ilash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda texnologik jarayonning buzilishi sabab oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.

«Fuqarolarning jarohat olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan. «Vaziyat to‘liq nazorat ostida. Vahimaga o‘rin yo‘q», — deb qo‘shimcha qildi vazirlik.

O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga asosan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qo‘ldoshev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib bordi.

Bu yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda tezkor shtab tashkil qilingan. Texnogen ofat asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Favqulodda holat sodir bo‘lgan hududda havoning ifloslanish darajasini o‘rganish, kelib chiqqan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Vodorod sulfid – bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz hisoblanadi. U achimtir, palag‘da tuxum hidiga ega. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyati yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.

Bobomurod Hamdamov vafot etdi

O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Bobomurod Hamdamov 84 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Bobomurod Hamdamov 1940 yil Turkmanistonning Chorjo‘y (hozirgi Turkmanobod) shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti. O‘zbek san’atining klassik hofizi va ustozi, «Do‘stlik» ordeni sohibi.

Bobomurod Hamdamov asosan 4 tilda: o‘zbek, turkman, tojik va hind tilida xalq qo‘shiqlarini ijro etgan. Komiljon Otaniyozovning Toshhovuzdagi ansamblida ishlagan.

Bobomurod Hamdamov o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atining rivojlanishida salmoqli hissa qo‘shib, bir nechta o‘lmas asarlar yaratdi va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Bobomurod Hamdamov buyuk hofiz Komiljon Otaniyozovning munosib izdoshi edi. Uning qo‘shiqlari va ijodi o‘zbek san’atining «oltin fondi»ga kiritilgan.

O‘zbekiston-Misr biznes-forumi

Joriy yilning 12-13 sentabr kunlari Toshkent viloyatida O‘zbekiston-Misr biznes-forumi o‘tkaziladi.

Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va Misr xalqaro hamkorlik bo‘yicha ishbilarmonlar kengashi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda kelishib olingan.

Uchrashuvda Misr vakillarining O‘zbekistonda bo‘lish chog‘ida mahalliy vazirlik va idoralarida muzokaralar tashkil etish imkoniyatlari ham muhokama qilingan.

O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Misr kengashi rahbari Mutaz Raslan boshchiligidagi Misrning yirik ishbilarmonlaridan iborat delegatsiya shu yilning 3-5 iyun kunlari ilk marotaba O‘zbekistonda bo‘ldi.

Mazkur tashrif davomida mamlakat tegishli vazirlik va idoralarida muzokaralar va O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlari biznes-forumi o‘tkazilgan edi.

Toshkent yaqinida parrandachilik klasteri

O‘zbekiston va Vengriyaning «Bonafarm» kompaniyasi o‘rtasidagi asosiy qo‘shma loyihalardan biri bo‘lgan Toshkent shahri yaqinida parrandachilik klasterini barpo etish loyihasi ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov «Bonafarm» kompaniyasi ijrochi direktori Attila Chani bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarni muhokama qildi va kelgusidagi hamkorlik yo‘llarini belgilab oldi.

Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish maqsadida tomonlar o‘zaro manfaatli natijalarga erishish uchun konstruktiv muloqot va hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Mavzuga oid