O‘zbekiston | 20:22 / 18.09.2024
3267
6 daqiqa o‘qiladi

18 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Boysunda yana siza boshlagan gaz, ombudsmanning yangi huquqlari, Qamchiqdagi cheklov va elektromobillar savdosidagi susayish — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Boysundagi konda avariya qaytalandi. Qurbonlar bor

17 sentabr kuni Boysundagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konidan yana vodorod sulfid sizib chiqa boshlagan. Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, odamlar halok bo‘lgan, jarohatlanganlar ham bor.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i O‘ktam O‘tayevning so‘zlariga ko‘ra, hodisa natijasida halok bo‘lganlar bor, shuningdek, jarohatlanganlar bor. Tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning tasdiqlashicha, konda 4 kishi halok bo‘lgan va ular konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari.

“Tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan bir nechta jabrlanganlar borligi ma’lum. Ularning barchasini ham kasalxonaga yotqizish zarurati bo‘lmagan. Soat 16:00 holatiga shifoxonada bir nafar ishchi bo‘lgan”, – deyiladi xabarda.

Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevga hodisa sodir bo‘lishi bilanoq xabar berilgan. U tegishli topshiriqlar berib, real vaqt rejimida vaziyat haqida ma’lumot olmoqda.

Ta’kidlanishicha, hodisa sodir bo‘lgan joyga mas’ul vazirlik va tashkilotlar rahbarlari yetib borgan. Mahalliy tuzilmalarga avariya oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun xorijiy mutaxassislar jalb qilingan.

Qamchiq dovonida cheklov

A-373 yo‘lining 254- va 258-kilometrlari oralig‘ida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida burg‘ilash va portlatish ishlari amalga oshiriladi.

Bugun, 18 sentabr kuni Qamchiq dovoni hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lida transport harakati vaqtincha cheklandi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabariga ko‘ra, yo‘lning 254- va 258-kilometrlari oralig‘ida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida burg‘ilash va portlatish ishlari amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, shu munosabat bilan bugun, 18 sentabr kuni soat 10:00 dan boshlab ushbu hududda transportlar harakati vaqtincha cheklanyapti.

Ombudsmanga yangi huquq

Qonunchilik palatasi majlisida “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonun loyihasi bilan ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirib, uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan mutlaqo yangi huquq — prezidentga, Oliy Majlis palatalariga, Vazirlar Mahkamasiga “maxsus ma’ruza” taqdim etish huquqi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari bajarilishi yuzasidan “muqobil ma’ruza” tayyorlashi hamda tegishli xalqaro tashkilotlarga taqdim etish mumkinligi belgilanmoqda.

Ombudsman lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilib, ayrim talablar (yuksak axloqiy sifatlarga, oliy ma’lumotga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga ega bo‘lgan) bekor qilinmoqda.

Avgustda elektromobillar savdosi pasaydi

Avgust oyida elektromobillar bozorida sotuvlar hajmi 1,7 ming donani tashkil etdi, bu avvalgi oyga nisbatan deyarli ikki baravar kam

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hududlar bo‘yicha 5 ta hududda sotuvlar kamaygani qayd etgan, umumiy pasayishning 90 foizdan ortig‘i poytaxt ulushiga to‘g‘ri kelgan — Toshkentda sotuvlar 66 foizga kamaygan.

Yangi elektromobillarning birlamchi bozorida sotuvlar bir oy davomida 53 foizga kamaydi, ikkilamchi bozorda esa pasayish 37 foizni tashkil etdi. Yillik hisobda foydalanilgan elektromobillar savdosi 20 foizga oshdi.

Hududlar kesimida avgust oyida yengil avtomobillar savdosi bo‘yicha eng yuqori o‘sish Surxondaryo (54 foiz), Farg‘ona (25,4 foiz) va Andijon viloyatlarida (24,8 foiz) qayd etilgan.

Surxondaryoda uch nafar sinfdosh halok bo‘ldi

Sariosiyo tumanida 17 sentabr kuni 20 yoshli yigit boshqaruvidagi “Nexia-2” 19 yoshli yigit boshqaruvidagi “VAZ 2107” mashinasi bilan o‘zaro to‘qnashgan. Ularning har ikkisida ham haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan.

2004 yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan yigit “Nexia-2”ni M-41 avtomobil yo‘lining Sariosiyo tumani, Shabnam mahallasi hududidan o‘tuvchi qismida boshqarib kelib, qarama-qarshi bo‘lakdan kelayotgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 19 yoshli haydovchi boshqaruvidagi “VAZ-2107” bilan to‘qnashgan.

Hodisa joyidan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, VAZ-2107 salonida bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchi — ular haydovchining sinfdoshlari bo‘lgan — vafot etgan.

Har ikkala mashinada bo‘lgan boshqa yo‘lovchilar tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Mavzuga oid