«AIF» platformasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ushbu platforma ayni paytda «o‘z faoliyatini noma’lum sababga ko‘ra to‘xtatganligi» va foydalanuvchilarga «juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazganligi» aniqlangan.
3 sentabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga bir guruh fuqarolar tomonidan qilingan murojaatga asosan, ijtimoiy tarmoqlardagi «AIF» platformasi ustidan jinoyat ishi ochildi.
Qayd qilinishicha, ushbu platforma ayni paytda «o‘z faoliyatini noma’lum sababga ko‘ra to‘xtatganligi» va murojaat qiluvchi shaxslarga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazganligi ma’lum bo‘lgan.
Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 3-qismi «a,v» bandlari (Pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoiy hodisani va jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlash, shuningdek tergov jarayonini tez va sifatli amalga oshirish maqsadida viloyat ichki ishlar organlarining malakali tergovchilaridan iborat tergov guruhi tuzilgani ta’kidlanmoqda.
Xozirda tergov guruhi tomonidan mazkur jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilar soni va ularga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga kirishilgan.
Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ushbu platformadan foydalanish oqibatida moddiy zarar ko‘rgan shaxslardan 62 224-56-81 va 62 224-56-85 raqamlar orqali murojaat qilishni so‘ragan.
Avvalroq, Kun.uz bu muammoga e’tibor qaratib, so‘nggi bir necha oyda O‘zbekistonda targ‘iboti kuchaytirilgan shunday «platformalar» haqida so‘z yuritgan va odamlarni bunday moliyaviy piramidalar tuzog‘idan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan edi.
Mavzuga oid
21:14 / 22.10.2024
Kun.uz ogohlantirgan Whats platformasi moliyaviy piramida ekanligi tasdiqlandi: IIV jinoyat ishi qo‘zg‘agan
20:43 / 21.08.2024
Ham vaqtni, ham pulni o‘g‘irlash usuli – sodda odamlar “video tomosha qilish orqali pul ishlash”ga ishontirilmoqda
13:56 / 18.04.2022
Moliyaviy piramida qanday ishlaydi va nega halokatga mahkum?
14:40 / 22.10.2019