O‘zbekiston | 21:03 / 05.09.2024
4050
6 daqiqa o‘qiladi

5 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Soliqlardan ozod bo‘layotgan fan olimpiadalari g‘oliblari, elektrotexnika sohasini rivojlantirish bo‘yicha qadamlar, Madaniyat vazirining yangi unvoni va xorijiy davlatlarga sayohatga chiqqan o‘zbekistonliklar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Fan olimpiadalari mukofotlari soliqdan ozod bo‘ladi

Respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoa rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari hamda sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etilishi taklif etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotida ushbu taklif ham qayd etilgan.

Shuningdek, bog‘chalar qamrovini kengaytirish maqsadida maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi;

O‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash doirasida terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi, xorijiy jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi;

Bugungi kunda 22 ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Endi mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28 taga oshiriladi.

Elektrotexnika sohasi yanada rivojlantiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari yaratilgan imkoniyatlar hisobiga so‘nggi 7 yilda sohaga 1 mlrd dollar investitsiya kiritilganini ta’kidladi. Natijada 762 ta yangi korxona ishga tushgan, 45 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobar o‘sdi, yillik daromadi 100 mlrd so‘mdan oshgan korxonalar 6 tadan 25 taga ko‘paydi. Tarmoqdagi korxonalar hisobidan budjetga tushum 8 barobar oshdi. Mahsulotlar eksport bo‘layotgan davlatlar so‘nggi uch yilda 2 karra oshib, 62 taga yetdi.

Prezident maishiy texnika ishlab chiqarish asosan ichki bozor hisobidan rivojlanib kelayotganini qayd etdi. Birgina o‘tgan yili ishlab chiqarilgan maishiy texnikaning 70 foizi ichki bozorda sotilgan.

Eksport bozorlarida yirik uzelli yig‘ish asosida ishlab chiqarish qilib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yig‘imlarsiz yetkazib berish mumkinligi ta’kidlandi.

Endilikda qo‘shni bozorlarga texnologiya, malakali mutaxassis va butlovchi qismlar yetkazib, O‘zbekistonni mintaqaviy elektrotexnika habiga aylantirish kerakligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga qo‘shni bozorlarda milliy brendlar ostida kamida 15 tadan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shuningdek, «O‘zeltexsanoat» uyushmasining faoliyati tubdan o‘zgartirilishi ta’kidlandi. Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tovarlarni aniqlash, ular bo‘yicha loyiha qilib, tadbirkorlarga berish, sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, tadbirkorlarga joriy qilish va sertifikat olishda ko‘maklashish uyushmaning asosiy vazifalari bo‘lishi zarurligini ta’kidladi prezident.

Ohangaron, Farg‘ona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi.

Ozodbek Nazarbekov navbatdagi xalq artisti

Yaqindagina Tojikiston xalq hofizi unvonini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, xushovoz xonanda Ozodbek Nazarbekovga Qirg‘iziston xalq artisti unvoni ham berildi.

Bu borada Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Qirg‘iziston faxriy unvonlarini berish to‘g‘risida»gi farmonida qayd etilgan.

Farmonda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga «Qirg‘iziston xalq artisti» faxriy unvoni berilayotgani aytilgan. 

Bungacha Ozodbek Nazarbekov 2010 yilda O‘zbekiston xalq artisti, 2012 yilda Qoraqalpog‘iston xalq artisti, 2020 yilda Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist va 2024 yilda Tojikiston xalq hofizi unvonlarini qo‘lga kiritgan edi.

Turistik maqsadda borilgan davlatlar o‘nligi

O‘zbekiston fuqarolari turistik maqsadda qaysi davlatlarga ko‘proq borgani aytildi.

2024 yilning yanvar-iyul oylarida jami 3,4 million nafar o‘zbekistonlik turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 890,5 ming nafarga yoki 35,7 foizga oshgan.

2024 yilning yanvar-iyul oylarida turistik maqsadlarda chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatlar bo‘yicha tasnifi quyidagicha. Albatta, bu borada yonimizdagi qo‘shni davlatlar yetakchilik qilmoqda:

  • Qirg‘iziston – 1,6 mln nafar;
  • Tojikiston – 676,4 ming nafar;
  • Qozog‘iston – 526,4 ming nafar;
  • Rossiya – 159,7 ming nafar;
  • Turkiya – 123 ming nafar;
  • Saudiya Arabistoni – 106,5 ming nafar;
  • BAA – 70,6 ming nafar;
  • Misr – 22,2 ming nafar;
  • Kuvayt – 16,7 ming nafar;
  • Janubiy Koreya – 12,3 ming nafar;
  • boshqa davlatlar – 91,5 ming nafar.

Mavzuga oid