Jahon | 16:36 / 12.09.2024
16085
15 daqiqa o‘qiladi

Tramp uchun tuzoq: Harrisni nima uchun debatlar g‘olibi deb hisoblashmoqda?

Filadelfiyada 90 daqiqa davom etgan debat davomida Kamala Harris Donald Trampni dam-badam izdan chiqarishga erishdi. AQSh prezidentligiga nomzodlarning ikkisi ham o‘z siyosiy dasturlarini bayon etishdan ko‘ra bir-birini tanqid qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Win McNamee / Getty Images

Debatlar boshlovchilar jonli efirda faktchek (nomzodlar aytgan ma’lumotlarni tekshirish) amalga oshirishi bilan kechdi, ammo ular asosan Trampning so‘zlariga tuzatish kirittishdi va bu tarafkashlik qilish bo‘yicha ayblovlarga ham sabab bo‘ldi.

To‘xtovsiz tortishishganiga qaramay, nomzodlar amalda memga aylanishi mumkin bo‘lgan xatolarga yo‘l qo‘yishmadi, Trampning Ohayo shtatidagi migrantlar mushuk va itlarni tanovul qilishi haqidagi takroriy da’vosi bundan mustasno.

Debatlardan keyin o‘tkazilgan so‘rovlar ko‘rsatishicha, teletomoshabinlar Harrisni g‘olib bo‘ldi, deb hisoblashmoqda va hatto konservativ qarashlardagi sharhlovchilar u Trampdan ko‘ra ishonchliroq ko‘ringanini tan olishmoqda. Ammo uning shtabi asosiy kuzirni eng oxiriga qoldirgandi: debatlardan keyinoq qo‘shiqchi Teylor Svift demokratlar uchun ovoz berishini ma’lum qildi.

Kim ko‘proq odam yig‘adi?

Oldindagi saylovlar natijasini hamon oldindan aytib bo‘lmaydi, deyishmoqda sotsiologlar milliy so‘rovlar ma’lumotlariga havola qilgan holda. Shuning uchun debatlar o‘ta muhimi edi: tomoshabinlar orasida hali kimga ovoz berishini hal qilmagan saylovchilar ham bor.

Debatlar tufayli ikki nomzod ilk bor yuzma-yuz keldi — ular hech qachon uchrashishmagandi, Tramp prezident sifatida rasmiy chiqish qilgan vaqtlarda Harris ham senator sifatida hozir bo‘lgani hisobga olinmasa. Ularning uchrashuvi qo‘l berib ko‘rishishdan boshlandi, demokratlarning yoshroq nomzodi raqibi oldiga bordi.

Debatlar ABC telekanali tomonidan translatsiya qilindi, uni kanal yulduzlari Devid Myuir va Linsi Deyvis olib borishdi, ular Amerikadagi eng mashhur ABC World News Tonight yangiliklar dasturi boshlovchilari sanaladi.

Tramp uchun bu so‘nggi o‘n yillikdagi yettinchi prezidentlik debati bo‘ldi: u 2016 yilda Hillari Klinton bilan uch marta, 2020 va 2024 yillarda Jo Bayden bilan uch marta to‘qnashgan.

Ammo Harris uchun bu — birinchi debat, oldindagi prezidentlik saylovlarida u birinchi bor respublikachilar vakili bilan kurash olib boradi. Uning Kaliforniyadagi karerasi va Demokratik partiya praymerizidagi ishtiroki respublikachilar bilan raqobatlashishni nazarda tutmasdi.

Harris Trampni o‘zi istagan ssenariyga tortishga muvaffaq bo‘ldi, deb hisoblamoqda sharhlovchilar

Debat boshida Harrisda biroz hayajon borligi ko‘rinib turgandi, ammo bu unga hujumga o‘tish va Trampni reallikdan uzoqlashtiradigan mavzularga tortishga xalal bermadi. Xususan, u Trampning saylovoldi mitinglariga kelgan odamlar yakunni kutmasdan ketib qolishini aytdi. Bu hujum ko‘proq tarafdorlarini yig‘ishi bilan g‘ururlanadigan respublikachilar nomzodining g‘azabini qo‘zitdi va bu gapni rad etib, raqibining mitinglariga juda kam odam kelishi haqida gapira boshladi.

Bunday chalg‘itishlarning har biri uning oldindan tayyorlangan argumentlarini bayon etish uchun ajratilgan vaqtni o‘g‘irlardi.

Chaqaloqlarni kaltaklash va itlarni yeyish

Tramp qarz bo‘lib qolishni xohlamadi va o‘z hujumlarini amalga oshirdi. U navbatdagi marta Harris — so‘l radikal nomzod va markschi ekanini aytdi. («U ishlab chiqarish vositalarini musodara etishni taklif qilmayapti», — deya uning bu da’vosiga munosabat bildirgan demokratlarga yaqin bo‘lgan New York Times gazetasi). U shuningdek Harris tomonidan vitse-prezidentlikka taklif etilgan nomzod Tim Uolz nafaqat homiladorlikning istalgan muddatida abort qilishni qo‘llab-quvvatlashi, balki chaqaloqlarni ular tug‘ilganidan keyin ham o‘ldirishni yoqlab chiqqanini aytdi.

Tramp o‘zini debatlar g‘olibi deb atamoqda, ammo uning tarafdorlari orasida ham bunga shubha qiluvchilar bor

Ammo Trampning 90 daqiqa davomida keltirgan asosiy argumenti migratsiya bo‘ldi. U o‘zi joriy etgan qat’iy choralarni Bayden bekor qilgani ortidan chegaradan noqonuniy o‘tish holatlari soni keskin o‘sganiga e’tibor qaratdi. U shuningdek Ohayo shtatidagi migrantlar go‘yoki mushuk va itlarni o‘g‘irlab, tanovul qilayotgani haqidagi mish-mishlarni keltirib o‘tdi va hatto Harris Amerika qamoqxonalaridagi migrantlarda jinsni o‘zgartirish uchun jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishni xohlayotganini aytdi — bu unga nima uchun kerakligi haqida esa to‘xtalmadi.

Noqonuniy migratsiya masalasi bo‘yicha bahs davomida Harris mavzuni burdi va Trampning mitinglari juda zerikarli bo‘layotgani tufayli tarafdorlari barvaqt ketib qolayotganini aytdi. Bunga javoban Tramp qichqirib yubordi va o‘z mitinglarini «siyosat tarixidagi eng aqlbovar qilmas mitinglar» deb atab, Harrisni o‘z chiqishlari uchun odamlarni pul to‘lab yollashda aybladi.

O‘z navbatida, Harris o‘zining asosiy kuzirini ishga solib, AQSh oliy sudi abort uchun huquqni bekor qilishidagi Trampning rolini ko‘rsatib o‘tdi. U shifoxona oldidagi turargohda bola tushishidan keyin qon ketgan ayol haqidagi misoldan foydalangan, shifokorlar noqonuniy abort qilishda ayblanmaslik uchun uni qabul qilishdan qo‘rqishgandi.

U shuningdek Trampni abortga butun mamlakat miqyosida taqiq o‘rnatishni rejalashtirishda aybladi. U bunga javob berishdan qochgani faktini Harrisning g‘alabasi deb hisoblash mumkin: demokratlar debatdagi bu parchani tarqatib, ayollarni o‘zlari uchun ovoz berishga chaqirishdi.

Sotsiologlarga ko‘ra, ikki mavzu — noqonuniy migratsiya va ayollar huquqlari mavzulari — ikkilanuvchi shtatlardagi hali bir qarorga kelmagan saylovchilarni o‘ylantirmoqda, ularning ovozlari esa saylov taqdirini hal qilishi mumkin.

Asr boshlarida Ohayo va Springfilddagi ko‘plab yirik zavodlarda ish avtomatlashgach, ish o‘rinlari yopilgan va shaharda hayot darajasi tushib ketgan, aholining katta qismi bu yerni tark etgan. Keyingi yillarda ularning o‘rnini Haitidan kelgan muhojirlar egalladi.

«Putin sizni tushlikda yeydi»

Iqtisodiyot va sog‘liqni saqlash masalalari nihoyatda yuzaki muhokama qilindi va hech bir nomzod yangi gap aytmadi. Tashqi siyosat ham faqat yuzaki — G‘azodagi urush hamda Rossiyaning Ukrainaga bosqini kontekstida muhokama qilindi. Va Tramp ham, Harris ham Isroilni qo‘llashni davom ettirishga va’da berdi, Rossiya va Ukraina urushi borasida esa fikrlar qarama-qarshi bo‘ldi.

Ular Ukraina g‘alabasini qanchalik xohlashi to‘g‘risidagi savolga nomzodlar turlicha javob berishdi: Harris — tasdiqlash ma’nosida javob qaytarib, undan Bayden ma’muriyati Kiyev uchun qilgan barcha ishlarni qayd etishda foydalandi. Tramp esa uning maqsadi — urushni yakunlash ekani va u buni Zelenskiy hamda Putin bilan avval alohida gaplashib, keyin esa ularni bir joyda uchrashtirgan holda juda tez amalga oshirishini aytdi. Tramp yana bir bor, agar u prezident bo‘lib qolganida, bosqin ro‘y bermagan bo‘lishi haqidagi da’vosini yana bir bor qaytardi.

Ammo Harrisda voqealarning boshqa versiyasi bor edi: «Agar Donald Tramp prezident bo‘lganida, Putin hozirda Kiyevda o‘tirib, Polsha va Yevropaning qolgan qismiga ko‘z olaytirayotgan bo‘lardi».

«Putin — sizni tushlikka yeb qo‘yadigan diktator», — degan u muxolifiga.

2016 yilda demokratlar respublikachilar shtabida Rossiya izini qidirgan bo‘lsa, endi bu oqshom Tramp kartalarni chiylashga harakat qildi. U Bayden korrupsiyaga botganini aytib, misol sifatida uning o‘g‘li Hanter go‘yoki Moskva shahri sobiq meri Yuriy Lujkovnng rafiqasi Yelena Baturinadan 3,5 mln dollar olganini keltirdi. Bunda gap go‘yoki 2014 yilda u bilan aloqador investitsiya kompaniyasiga kelib tushgan pul  o‘tkazmasi haqida bormoqda.

Moderatorlar AQSh va Xitoy munosabatlari bo‘yicha savol berishmadi, nomzodlarning o‘zi ham bu mavzuni ko‘tarishmadi.

Jurnalistlarga e’tiroz bildirayotganlar faqat Tramp tarafdorlari emas: Harrisning lageridagilar ularni uning kampaniyasini ko‘ngildagidek yoritmaslikda ayblashadi

Ishtiyoq bilan faktcheking qilish

Tramp 2015 yilda prezidentlik poygasiga qo‘shilganidan buyon jurnalistlar uning yolg‘onlariga qarshi kurashib keladi. Hatto ushbu kasbning siyosatchilar faktlarga beparvo qarashiga o‘rganib qolgan faxriylari ham badiiy to‘qimalarni ko‘pincha fakt sifatida taqdim etadigan nomzod va davlat rahbariga tayyor emasdi.

Bayden va Tramp o‘rtasida iyun oyida kechgan debatga mezbonlik qilgan CNN kanali oldindan faktchek bo‘lmasligi, munozara vaqtida nomzodlarning yanglish gaplariga tuzatishlar kiritilmasligidan ogohlantirgandi. ABC esa boshqacharoq yondashdi va boshlovchilar har safar Trampning so‘zini bo‘lib, tomoshabinlarga faktlarni eslatishdi.

Devid Myuir — eng mashhur va nufuzli amerikalik telejurnalistlardan biri va u avval Trampdan bir necha bor intervyu olgan. Respublikachining replikasiga javoban u demokratlar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni o‘ldirishga chaqirmasligini ta’kidladi. 

Tramp esa o‘z nutqi davomida yana bir bor noqonuniy migrantlar mavzusiga to‘xtalib shunday dedi: Springfildda ular itlarni yeyishmoqda. Tashqaridan kelgan odamlar. Shaharliklarning uy hayvonlarini yeb qo‘yishmoqda. Bu bizning mamlakatda ro‘y bermoqda. Bu juda uyatli.

Ijtimoiy tarmoqlarda avgust oyi o‘rtalarida Ohayo shtatida 27 yoshli ayol hibsga olingani, politsiya uning uyiga borganida mushuk jasadini ko‘tarib turgan ayolning qo‘li va yuzida qon dog‘lari va teri parchalari bo‘lgani haqida xabar tarqalgandi. Keyin esa Trampning vitse-prezidentlikka nomzodi Jyey Di Vens tvitter sahifasida migrantlarni u tug‘ilib o‘sgan shtat bo‘lmish Ohayoni xaos ichida qoldirishda, mahalliy aholining mushuk va itlarini o‘g‘irlash va yeyishda, tuberkulyoz va OITS kabi kasalliklarni avj oldirishda ayblab chiqdi.

Springfild politsiyasi esa shahardagi hodisaning haitilik migrantlarga aloqasi yo‘qligini, qo‘lga olingan ayol shahardan 270 km masofadagi Kanton shahri mahalliy aholisi vakili ekani haqida ma’lum qilgan va debatlar boshlovchisi Devid Muir ham bu haqda eslatib o‘tdi.

Tramp esa u bilan bahslashdi:

— Ammo men televizorda itlari yeb qo‘yilgani haqida gapirgan odamlarni ko‘rdim…

— Yana bir marta aytaman: Springfild siti-menejeri bunga isbot yo‘qligini aytgan.

— Buning oxiriga yetamiz.

Bunday mish-mish migrantlar yovvoyi o‘rdaklarni ovlagani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ammo bu debatlarda yolg‘on gapirgan Trampning o‘zigina bo‘lmadi. New York Times faktcheki ko‘rsatishicha, Harrisning Tramp go‘yoki Obama tomonidan joriy etilgan sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni bekor qilish uchun 60 marta uringani haqidagi gapi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Harris xonimdan boshqa bir feyk nyuz — uning Tramp prezidentligi davrida ishsizlik darajasi Buyuk inqiroz davridan buyon eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgani haqidagi gap bo‘ldi, holbuki aslida bunday raqamlar 2000-yillarda ham kuzatilgan, deya qayd etadi CNN faktchekeri. Umuman olganda, Harris Trampni koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarda ayblagan.

Ammo boshlovchilar Harrisning bayonotlarini faktchek qilish bilan shug‘ullanmadi va bu tarafkashlik bo‘yicha ayblovlarni keltirib chiqardi. Boshlovchilar shunchaki Trampga hujum qilishdi va studiyada uch kishi bir kishiga qarshi edi, deb hisoblaydi jurnalist Megin Kelli. Trampning ittifoqchisi bo‘lgan senator Lindsi Grem moderatorlar o‘zlarini xuddi Dempartiyadan maosh oladigandek o‘ta noxolis tutganini aytdi.

Oldindan aytib bo‘lmaydigan poyga

Tramp yana bir marta Bayden ma’muriyati — tarixdagi eng yomoni bo‘lganini ta’kidladi. Amerikaliklarning aksariyati bunday keskin bahoga qo‘shilmasligi mumkin, ammo demokratlar nomzodini almashtirmagunicha, ijtimoiy so‘rovlar noyabr oyidagi saylovda Tramp g‘alaba qozonishini ko‘rsatayotgandi.

Ammo Bayden o‘rniga Harris nomzodga aylanishi respublikachilar uchun muammo tug‘dirdi. Endi ularning vazifasi — hozirgi vaziyatdan, ayniqsa iqtisodiy holatdan norozilikni Harris tomonga yo‘naltirishdi. «U Bayden ham», — degan Tramp debat chohida. Harrisning o‘rta sinf hayotini yaxshilash to‘g‘risidagi va’dasiga u shunday munosabat bildirdi: «U nima uchun haligacha bunday qilmadi?».

Ammo debat yakunlanishi bilan o‘tkazilgan ekspress-so‘rov ko‘rsatishicha, tomoshabinlarning 63 foizi unda Harris g‘olib bo‘ldi deb hisoblagan.

Harris bu debatlarda g‘alaba qozondi, deya yozilgan Wall Street Journal gazetasining fikrlar bo‘limida. Bu nashr esa azaldan respublikachilarni qo‘llaydi. Ammo u o‘z dasturini ishonchli aytib bergani uchun emas, Trampga mohirlik bilan tuzoq o‘rnatish orqali g‘alabaga erishdi, deyiladi kolonkada.

Ammo debatlardagi g‘alaba saylov kunidagi ustunlikni kafolatlamaydi. 2016 yilda Hillari Klinton ham debatlarda g‘olib bo‘ldi deb topilgandi.

O‘tgan haftaning dam olish kunlarida e’lon qilingan New York Times va Sienna College tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, Bayden Harrisga almashtirilishidan yuzaga kelgan eyforiya o‘tib ketgan va Tramp yana oldinga chiqqan, ammo atigi 1 foizga.

Boshqa ijtimoiy so‘rovlar esa hamon ustunlikni Harrisga berishmoqda, ammo ularning barchasida nomzodlar orasidagi farq katta emas, noyabrdagi saylovlar natijasini esa hozir hech kim to‘g‘ri taxmin qila olmaydi.

Ammo, debatlarda muvaffaqiyatli chiqish qilishdan tashqari, Harris saylovda g‘alaba qozonish uchun yana bir muhim qadamni tashladi.

U bugungi kunda dunyoning eng mashhur pop-yulduzi bo‘lgan  Teylor Svift qo‘lloviga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid