Jahon | 21:44 / 23.09.2024
8485
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil aviatsiyasi Livandagi yuzlab nishonlar bo‘ylab zarbalar berdi. 300 ga yaqin kishi halok bo‘lgan

Livan rasmiylari qariyb 300 kishi o‘ldirilgani, mingdan ortiq kishi yaralanganini ma’lum qilmoqda.

Tir shahri, Livan janubi. Foto: Aziz Taher / Reuters / Scanpix / LETA

Isroil harbiy-havo kuchlari Livanda 300 dan ortiq nishonga zarbalar yo‘llagan, Isroil rasmiylariga ko‘ra, bu obektlar «Hizbulloh»ga aloqador deb hisoblangan. Livan sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida 274 kishi halok bo‘lgan, mingdan ortiq kishi yaralangan.

Yopirilma zarbalar berilishi 23 sentabr kuni tongida boshlandi. «Al-Jazira» telekanali xabar berishicha, hujum Livanning «Hizbulloh» nisbatan ustun mavqega ega bo‘lgan janubiy qismidagi o‘nlab shaharlar bo‘ylab berilgan. Guruh aynan shu hududlardan Isroil bo‘ylab raketalar uchirib keladi.

Hujum oldidan Livan aholisi telefonlariga qo‘ng‘iroq bo‘lib, «Hizbulloh» foydalanadigan har qanday obektdan kamida bir kilometr masofaga uzoqlashish talab qilingan, deya yozadi Reuters. Livan axborot vaziri Ziyod Makariy agentlik bilan suhbatda bunday qo‘ng‘iroq o‘z rahbarligidagi idoraning Bayrutdagi shtab-kvartirasiga ham qilinganini tasdiqlagan. Makariy bu qo‘ng‘iroqni «psixologik urush» elementi deb atagan. Isroil armiyasidagilar «Livandagi barcha tarmoq va platformalar» bo‘ylab evakuatsiya zarurati haqida ogohlantirish tarqatilganini bildirgan.

Livan aholisiga sms ko‘rinishida ham evakuatsiya bo‘yicha ogohlantirishlar yuborilgan

TsAHALning harakatlariga javoban «Hizbulloh» Isroilning shimoliy qismidagi harbiy bazalar bo‘ylab 35 ta raketa uchirgan, bu zarbalar qurbonlar va jiddiy vayrongarchiliklarga olib kelmagan.

Livan bosh vaziri Najib Mikati BMT va jahondagi nufuzli davlatlarni Isroilga ta’sir o‘tkazishga chaqirgan. «Isroilning Livanga qarshi davom etayotgan tajovuzi — so‘zning har qanday ma’nosida Livan qishloqlari va shaharlarini vayron qilishga qaratilgan buzg‘unchi rejadir», — degan u Livan hukumati yig‘ilishida.

Livan janubidagi posyolkalardan biri aholisi hududni shoshilinch tarzda tark etishi chog‘ida yuzaga kelgan tirbandlik
Mohammed Zaatari / AP / Scanpix / LETA

Isroil prezidenti Ishoq Hersog mamlakat «urushni istamasligi», ammo unda «o‘z xalqini himoya qilish huquqi va burchi» borligini bildirgan. U fuqarolik obektlariga qilingan hujumlarni «Hizbulloh» «raketalarni tinch aholi uylarida saqlashi va ularni tinch aholi yashovchi hududlardan turib uchirishi»ni aytgan.

TsAHAL rasmiy vakili Daniel Hagari Isroil Livan janubi bo‘ylab aviazarbalar berishda davom etishidan ogohlantirgan. Jurnalistlarning Isroil armiyasi quruqlik orqali bostirib kirishi ehtimoli haqidagi savoliga javoban Hagari shunday degan: «Biz [o‘z maqsadlarimizga erishish uchun] zarur bo‘lgan barcha ishni qilamiz».

Tir shahri, Livan janubi. Foto: Aziz Taher / Reuters / Scanpix / LETA

Livanda 17 va 18 sentabr kunlari peyjyerlar, ratsiyalar va «Hizbulloh» a’zolari o‘zaro aloqada foydalanadigan boshqa qurilmalar yoppasiga portlashi kuzatildi. 30 ga yaqin kishi halok bo‘lgan, bir necha ming kishi yaralangan. Qurbonlar orasida «Hizbulloh» a’zolaridan tashqari oddiy fuqarolar, jumladan bolalar ham bor.

Mustaqil tekshiruvlar portlashlar Isroil razvedkasi amaliyoti bo‘lganini ko‘rsatganiga qaramay, Isroil hukumati hodisaga aloqadorligini rasman rad etib, «guruhning dushmanlari ko‘pligi»ni bildirgan. Portlashlar ortidan Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant «urushning yangi bosqichi boshlanayotgani»ni ma’lum qilib, «harbiy harakatlarning og‘irlik markazi» «Hizbulloh»ga qarshi kurashish uchun shimolga ko‘chishini aytgandi. 20 sentabr kuni TsAHAL Bayrut bo‘ylab aviazarba yo‘lladi — natijada 45 kishi halok bo‘ldi, shundan 16 nafari «Hizbulloh» a’zolari edi, ular orasida bir necha yuqori martabali qo‘mondonlar ham bo‘lgan.

Mavzuga oid