Gruziya parlamenti prezidentning impichmentini qayta boshlaydi
Gruziya prezidenti Salome Zurabishviliga hukumatdan ruxsat so‘ramay xorij safarlarini amalga oshirgani uchun hukmron partiya prezident impichmenti talabi bilan chiqdi.
«Gruziya orzusi» hukmron partiyasi mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili impichmenti jarayonini qayta boshlash tashabbusi bilan chiqdi.
«Parlament a’zolarining ko‘pchiligi Salome Zurabishviliga impichment e’lon qilish jarayonini qayta boshlash bo‘yicha qaror qabul qildi va parlament yangi chaqirig‘ining yig‘ilishlarida kamida 100 ta ovoz bilan u impichment orqali lavozimidan chetlashtiriladi», — deydi «Gruziya orzusi» siyosiy kengashi a’zosi va parlament raisi Shalva Papuashvili.
Partiyaning qarori Zurabishvilining Parij, Bryussel, Berlin va Varshavaga tashriflari, u yerda Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen, Polsha, Germaniya va Fransiya prezidentlari bilan uchrashuviga bog‘liq.
Papuashvilining bayonotiga ko‘ra, 2023 yil 16 oktyabrda Konstitutsiyaviy sud mamlakat bosh qonunining 52-moddasiga muvofiq Gruziya prezidenti xorij tashriflarini faqat hukumat roziligi bilan amalga oshirishi belgilanganini e’lon qilgan. Ammo Zurabishvili chet el safarlari uchun hech qanaqa ruxsat olmagan.
2023 yilda Gruziya Konstitutsiyaviy sudi «Gruziya orzusi»ning prezident xorij safarlariga hukumat ruxsatisiz chiqayotgani borasidagi da’vosini qanoatlantirgan edi. Mamlakat Konstitutsiyaviy sudining olti nafar sudyasi ushbu qarorni yoqlab ovoz bergan. Ammo Gruziya parlamenti Salome Zurabishvilini lavozimdan chetlata olmagandi. Impichment uchun 86 nafar deputat ovoz bergan — Gruziya prezidentini chetlatishga 100 nafar ovoz talab etiladi.
Zurabishvilining vakolatlari 2024 yil 26 oktyabr kuni o‘tkaziladigan parlament saylovlaridan keyin tugaydi. Konstitutsiyaga muvofiq, prezidentlik saylovlari qayta saylangan parlamentning birinchi yig‘ilishidan keyingi 45 kun ichida o‘tkaziladi. Zurabishvili oldinroq ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymoqchi ekanini ma’lum qilgandi. Mamlakatda birinchi marta prezidentni xalq emas, balki saylov kollegiyasi saylaydi.
Mavzuga oid
13:53 / 20.11.2024
Zurabishvili saylovlar yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qildi
22:49 / 18.11.2024
Gurjiston prezidenti parlament saylovlaridagi qonunbuzarliklar sabab Konstitutsiyaviy sudga da’vo kiritadi
09:10 / 31.10.2024
Gurjiston prezidenti Zurabishvili prokuraturaga borishdan bosh tortdi
19:23 / 30.10.2024