Jahon | 21:17 / 12.10.2024
1967
2 daqiqa o‘qiladi

Kamala Harris sog‘lom ekani haqidagi ma’lumotnomani e’lon qildi

Salomatligi haqidagi ma’lumotlarini nashr etish AQSh prezidentligiga nomzodlarning uzoq yillik siyosiy an’anasidir. Hujjatda 59 yoshli Harris sog‘lom va faol turmush tarzini olib borishi ta’kidlangan.

Foto: Rebecca Noble/Getty Images

Vitse-prezident va Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris, siyosiy an’anaga sodiq qolgan holda, sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotnomani e’lon qildi. Unda 59 yoshli ayol «prezident vazifalarini muvaffaqiyatli bajarish uchun zarur bo‘lgan jismoniy va ruhiy barqarorlikka ega» ekanligi yozilgan.

Hisobotda, shuningdek, Harris «juda sog‘lom ovqatlanishi» va sog‘lom, faol hayot tarzini olib borishi ta’kidlangan.

Shifokor Joshua Simmons tomonidan berilgan ma’lumotnomada Harris so‘nggi uch yil davomida allergiyadan davolangani, endi unga dori-darmonlar talab qilinmasligi, faqat vaqti-vaqti bilan rinit (burun shilliq qavatining yallig‘lanishi yoki shamollash) bezovta qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Bloomberg ta’kidlaganidek, bu ma’lumotlarni e’lon qilish orqali Harris qadimiy siyosiy an’anaga amal qilmoqda, bunda har ikki partiya nomzodlari saylov poygasida o‘z sog‘lig‘ini oshkor qiladi. Respublikachi nomzod, 78 yoshli Donald Tramp avgust oyida o‘zining tibbiy ma’lumotlarini e’lon qilishdan «juda xursand bo‘lishini» aytgan edi, biroq shundan buyon matbuotning bu boradagi so‘rovlarini rad etib kelmoqda.

Mavzuga oid