Yaqinda ötkazilgan operatsiya natijasida bir-biridan muvaffaqiyatli ajratilgan aka-uka siam egizaklari özlarining birinçi tuğilgan kunini nişonladi, deb xabar bermoqda Euronews.

AQŞning Filadelfiya şahrida istiqomat qiluvçi oilaning farzandlari Amari va Javar Raffin 2023 yil sentabr oyida kesarça usuli bilan dunyoga kelgan.

2024 yil 21 avgustda Filadelfiya bolalar şifoxonasining jarrohlik guruhi sakkiz soat davomida egizaklarni ajratiş operatsiyasini ötkazdi. Guruh tarkibida yigirmadan ortiq mutaxassis, jumladan jarrohlar, anesteziologlar, rentgenologlar, hamşiralar va boşqa köplab xodimlar bor edi.

Qorni bilan yopişgan bolalar ajratilgaç, ularning qorni tör qatlamlar va plastik jarrohlik usullari yordamida yopilib, qayta tiklandi.

“Siam egizaklarini ajratiş har doim qiyin keçadi, çunki har bir egizak juftligi individual”, — dedi bolalar şifoxonasi bolalar jarrohi va fetal jarroh Holli Hedrik. “Uşbu muhim kun oldidan operatsiya jarayonini repetitsiya qilişga soatlab vaqt sarflaymiz, hatto har bir bolani alohida karavotga yotqizişni maşq qilamiz”.

Şifoxona ma’lumotlariga köra, bolalar bir yillik davolanişdan söng 8 oktyabr kuni uyiga qaytarilgan.

“Ularni öz örinlarida köriş ta’rifga siğmaydigan tuyğu böldi”. — dedi egizaklarning onasi Şaneka Raffin.

Raffinlar oilasi egizaklar bir-birga yopişgan holatda ekanini homiladorlikning 12-haftaligida rejali ultratovuş tekşiruvi paytida bilgan.

Şaneka Raffinga homiladorlikni töxtatiş tavsiya etilgan. Boşqa tomondan esa bu kam uçraydigan kasallik bölsa-da, ularni muvaffaqiyatli ajratiş mumkinligi aytilgan. Oilaga uşbu fikr ma’qul kelgan.

Siam egizaklari har 35 000-80 000 ta tuğilişning birida uçraydi. Uşbu şifoxona AQŞdagi bunday çaqaloqlarni ajratiş tajribasiga ega sanoqli tibbiyot muassasalaridan biri hisoblanadi.

Avvalroq Turkiyada siam egizaklari 14 soatlik operatsiyada muvaffaqiyatli ajratib olingandi. Amaliyotga yetakçilik qilgan britaniyalik jarrohlar operatsiyaga tayyorgarlik davomida ilk bor 3D zamonaviy texnologiyalaridan foydalandi.