O‘zbekiston | 20:22 / 12.10.2024
16575
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi Toshkent 2 million aholiga mo‘ljallanyapti

Poytaxtda aholi sonining oshishi, tirbandliklar, yashillikning keskin kamayishi ortidan hukumat Yangi Toshkentni qurishga qaror qilgan. Rasmiylarga ko‘ra, qurilish 6 bosqichda davom etadi hamda 1-bosqichda madaniy ma’rifiy binolar barpo etiladi. Shunday obektlardan birinchisi – Alisher Navoiy madaniy markazi. Uni Britaniyaning “Zaha Hadid Architecs” kompaniyasi loyihaladi.

Loyiha taqdimotida kompaniya direktori so‘zga chiqib, loyiha dizayni, yaratilishi haqida tushuntirish berdi. Bino tog‘larga qiyos qilinib, shu shaklda quriladi. O‘zbekistonda qish juda sovuq, yoz juda issiq bo‘lgani uchun havo sirkulyatsiyasi, bino isitilish-sovitilishiga alohida e’tibor qildik, deydi Paolo Matyuzi.

Eng ko‘p e’tibor qilganimiz – iqlim sharoitlari bo‘ldi. Bizga berilgan hudud ob-havosini o‘rganish birinchi vazifamiz bo‘ladi, odatda. Bu yer yozi juda issiq va uzoq, qishi esa qisqa, lekin juda sovuq bo‘ladigan hudud. Shundan kelib chiqib, biz minimalizm va passiv dizayn usullaridan foydalandik. Faqat shu yo‘l bilan ham milliy madaniyatni, ham odatiylikdan biroz chekinishni jamlasa bo‘ladi, degan qarorga keldik. Bu ishlarga bir necha oy sarfladik. Loyiha dizaynlashtirish qiymati haqida esa men aytolmayman, chunki bu buyurtmachilarimiz siri va budjeti”,- deya ta’kidlaydi Zaha Hadid Architecs” direktori Paolo Matyuzi.

Ayni damda Toshkent shahrining muammolari hech kimga sir emas. Yo‘llarda doimiy tirbandlik, yashillikning kamayib ketgani, ekologik buzilish, tartibsiz qurilishlar, kanalizatsiya va mavjud infratuzilma zo‘riqib ishlayotgani hammani xavotirga solmoqda. Shunday sharoitda Yangi Toshkentni qurishdan asosiy maqsad – yuklamani kamaytirish, deydi shaharsoz, direksiya a’zosi Umidjon Fayziyev.

Loyiha mas’ullariga ko‘ra, Yangi Toshkentni faqat O‘zbekistonning o‘zi qurmaydi. Hozircha Xitoy, Buyuk Britaniya, Turkiya, Rossiya davlatlaridan investorlar qiziqish bildirgan. Lekin ayni shu davlatlardagilar pul tikish-tikmasligi hali noma’lum.

Yaqindagina Kun.uz shaharsoz va uy-joy bozori mutaxassislari bilan suhbat o‘tkazganida, mutaxassislar eng katta xavfni kanalizatsiyada ko‘rgandi. Chunki mavjud kanalizatsiya tizimi eskirgan, uni birdan yangilash imkonsiz. Lekin qurilishlar kanalizatsiya tizimi imkoniyatlariga nomuvofiq davom etyapti. Yangi Toshkentning kanalizatsiyasi ham hozirgi Toshkentga ulanadimi? Mas’ullarga ko‘ra, bunday qilinmaydi, alohida infratuzilma yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, loyiha 6 bosqichda qurilishi aytilyapti. Bu qurilish ishlari kamida 2050 yilga qadar davom etadi, degani. Natijada hamma adminstrativ binolar ko‘chirilishi, markazlashishi, hozirgi Toshkentga yuklanayotgan bosim kamayishidan umid qilinmoqda. Loyihaning keyingi bosqichlarida turar joylar, ijtimoiy obektlar ham quriladi.

Mavzuga oid