O‘zbekiston | 21:06 / 23.10.2024
2957
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026 yilga reja qilinmoqda

Mustaqillik yillaridagi ilk demografik ro‘yxatlash 2026 yil 15 iyulidan 21 avgustigacha o‘tkazilishi mumkin. Farmon loyihasiga ko‘ra, buning uchun bosh vazir raisligida respublika komissiyasi tuziladi. Ro‘yxatga olish ishlari uchun planshetlar va dasturiy mahsulotlar Jahon bankining imtiyozli kreditlari hisobidan sotib olinadi. Respondentlardan olingan ma’lumotlar sir saqlanadi.

Foto: Kun.uz

Statistika agentligi “O‘zbekiston Respublikasida 2026 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyiha bilan, aholini ro‘yxatga olishni 2026 yilning 15 iyulidan 21 avgustigacha o‘tkazish taklif etilmoqda.

Buning uchun bosh vazir raisligida respublika komissiyasi, shuningdek, hududiy rahbarlar raisligida hududiy komissiyalar tashkil etiladi.

Aholini ro‘yxatga olish planshet qurilmalari yordamida o‘tkaziladi. Buning uchun zarur texnik va dasturiy vositalar 2024–2026 yillarda Jahon bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan xarid qilinadi.

Aholini ro‘yxatga olishda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun va shu sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishi, respondentlardan olingan ma’lumotlarning sir saqlanishi ta’minlanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, Mahallalar uyushmasi va Kadastr agentligi 2025 yil 1 iyulgacha aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazishi kerak.

Oliy Majlis palatalariga 2025 yil 1 sentabrdan 2026 yil 1 sentabrga qadar respublika bo‘ylab ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralarini o‘zgartirish, toponomik obektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish tavsiya etilishi mumkin.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.

2019 yil 5 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi kutilmoqda.

Jamoatchilik muhokamasi 6 noyabrgacha davom etadi.

Aholini ro‘yxatga olishdan maqsad nima?

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, aholini ro‘yxatga olishdan maqsad – mamlakatda aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida ishonchli va xolis axborotlarni olish, aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholash, shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mehnat resurslarini joylashtirish prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash uchun sharoitlar yaratishdir.

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgan.

Kutilayotgan ro‘yxatga olish tadbirlari avvaliga 2022 yilga mo‘ljallangan edi. Lekin koronavirus pandemiyasi tufayli bu muddat 2023 yil noyabriga qoldirildi, keyinroq esa 2025-2026 yillarga ko‘chirilgan edi.

Mart oyida Statistika agentligi rasmiysi aholini ro‘yxatga olish uchun 800 mlrd so‘m mablag‘ talab etilishini aytgandi.

Mavzuga oid