RFda «NG Yevropa» bosh muharriri Martinov sirtdan hibsga olindi
Moskvaning Basmanniy sudi faoliyati «nomaqbul» deb topilgan «Novaya gazeta Yevropa» nashri bosh muharriri Kirill Martinovni ikki oyga sirtdan hibsga oldi.
Moskvaning Basmanniy rayon sudi «Novaya gazeta Yevropa» nashri bosh muharriri Kirill Martinovni sirtdan hibsga oldi. U «nomaqbul» tashkilot faoliyatini tashkil etganlikda ayblanib, ikki oyga hibsga olindi, deb xabar berdi «NG Yevropa» 6 noyabr, chorshanba kuni. Hibsga olish uning Rossiya Federatsiyasi hududiga ekstraditsiya qilingani yoki hibsga olingan paytidan boshlab hisoblanadi.
«Afsuski, davlat nafaqat urush boshladi, balki soxta «Basmanniy sudida hibsga olishlar» kabi uyatli ishlar bilan ham shug‘ullanyapti», — dedi Martinov sud qaroriga izoh berib. Uning qo‘shimcha qilishicha, «Novaya gazeta Yevropa» Rossiya rasmiylarining harakatlariga qaramay o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
«Nomaqbul» OAV rahbariga nisbatan birinchi ish
Martinovga nisbatan «nomaqbul» tashkilot faoliyatini tashkil etganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgani 19 sentabr kuni ma’lum bo‘ldi. Nashr ta’kidlaganidek, uning bosh muharriri Rossiyada e’lon qilingan ikkita «nomaqbul» tashkilot bilan bog‘langan. Gap «NG Yevropa»dan tashqari «Ozod universitet» ta’lim loyihasi haqida bormoqda.
OAV xabarlariga ko‘ra, bu «nomaqbul» OAV rahbariga nisbatan qo‘zg‘atilgan birinchi jinoiy ishdir. «NG Yevropa» bu maqomni 2023 yilning yozida oldi.