Jahon | 10:47 / 11.11.2024
8402
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya 145 ta dron bilan Ukrainaning yirik shaharlariga hujum qildi

10 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasi Ukrainani «rekord sondagi» uchuvchisiz uchoqlar bilan nishonga oldi, dedi Volodimir Zelenskiy. Odessa, Kiyev va Xarkivga hujum qilindi.

Foto: Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati

10 noyabr, yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning yirik shaharlariga uchuvchisiz uchoqlar yordamida hujum qildi. «Bu tunda Rossiya Ukrainaga qarshi rekord miqdordagi «shahedlar» va boshqa hujumkor dronlarni uchirdi – 145 ta», — dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Odessada turar joy binolari, do‘konlar, garajlar, avtomobillar zarar ko‘rdi. UUA qulagan ba’zi joylarda yong‘inlar sodir bo‘ldi. Odessa meri Gennadiy Truxanovning so‘zlariga ko‘ra, ikki kishi jarohat olgan, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Kiyev osmonida Ukraina HHM kuchlari o‘nga yaqin dronlarni urib tushirdi. Havo hujumidan ogohlantirish ikki marta e’lon qilingan.

Kecha tunda Xarkivga gibrid raketa va «Grom-Ye1» havo bombasi bilan zarba berilgan. U ochiq maydonga quladi va parchalar turar joy binolariga zarar yetkazdi. Xarkiv oblasti prokuraturasi esa urush qonunlari va odatlarini buzganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

«Ushbu hafta davomida 800 dan ortiq boshqariladigan bomba, 600 ga yaqin hujumkor dron va 20 ga yaqin turli turdagi raketalardan foydalanildi», dedi Volodimir Zelenskiy.

Rossiya har kuni Ukrainaga havodan zarbalar bermoqda. Rossiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, u faqat harbiy nishonlarga hujum qilyapti. Shu bilan birga, Moskva Ukrainadagi zarbalar natijasida tinch aholi orasidagi qurbonlar va fuqarolik infratuzilmasi vayron bo‘lgani haqidagi xabarlarga izoh bermayapti.

Mavzuga oid