Jahon | 16:55 / 12.11.2024
3791
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp millionlab migrantlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda - OAV

Immigratsiya siyosatini kuchaytirish Tramp saylovoldi dasturining asosiy bandlaridan biri edi. Bo‘lajak prezident bu va’dasiga sodiq ekanini aytdi.

Foto: AP

AQSh prezidentligi saylovida g‘alaba qozongan Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish haqidagi va’dasini bajarishga sodiq ekanini ma’lum qildi.

8 noyabr kuni NBC telekanaliga bergan intervyusida u o‘z va’dasini bajarishdan boshqa chorasi yo‘qligini ta’kidladi.

Immigratsiya siyosatini kuchaytirish Tramp saylovoldi dasturining asosiy bandlaridan biri edi. Uning ta’kidlashicha, Jo Bayden ma’muriyatining «juda yumshoq» siyosati migratsiya bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashishiga va Qo‘shma Shtatlarning «uchinchi dunyo mamlakatiga» aylanishiga olib keldi.

The Wall Street Journal hisob-kitoblariga ko‘ra, deportatsiyalar jami 20 million migrantga ta’sir qilishi mumkin.

Tramp o‘z bayonotlarida noqonuniy migrantlarga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rish va mavjud migratsiya dasturlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Avvalroq The New York Times gazetasi, agar Tramp rejasi amalga oshirilsa, migrantlar uchun lagerlar tashkil etilishi va deportatsiya qilingunga qadar shu joylarda saqlanishi haqida xabar bergan edi. Tramp, shuningdek, o‘zining birinchi prezidentlik davrida migrantlarga qarshi qo‘llagan keskin siyosatini «juda» kengaytirishi mumkin, deb yozdi gazeta.

Jumladan, aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan ayrim «muammoli» mamlakatlardan migrantlarning kirishini taqiqlash, sil kabi yuqumli kasalliklarning tarqalish xavfi tufayli kirishni rad etish (pandemiya davrida bunday taqiq koronavirus tufayli amal qilgan), hujjatsiz shaxslarni qidirish bo‘yicha ommaviy reydlar, deportatsiya jarayonini soddalashtirish, deportatsiyani kutayotganlar uchun lagerlar qurish, falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash mitinglarida qatnashgan xorijlik talabalar uchun vizalarni bekor qilish, vizaga murojaat etuvchilarni tekshirishni kuchaytirish, gumanitar sabablarga ko‘ra odamlarni AQShda vaqtinchalik yashashga ruxsat beruvchi maqomdan mahrum qilish, hujjatga ega bo‘lmagan ota-onalarning farzandlari uchun mamlakatda tug‘ilish orqali fuqarolikni olish imkoniyatini bekor qilish va boshqalar.

Mavzuga oid