Jahon | 11:13
2120
3 daqiqa o‘qiladi

«Gurjistonda qayta saylovlar bo‘lmaydi» - bosh vazir Kobaxidze

Yangi prezidentlik saylovlardan keyin Salome Zurabishvili o‘z lavozimini tark etishi kerak bo‘ladi, degan Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze.

Foto: turktime.com

Gurjiston hukumati mamlakatda qayta parlament saylovlarini o‘tkazishdan bosh tortdi. Norozilik namoyishlari o‘tkazayotgan muxolifat tarafdorlari va Yevropa Ittifoqi ham mamlakatda taranglikni tarqatish uchun qayta parlament saylovlari o‘tkazilishini talab qilib kelmoqda.

Bu orada Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze qayta saylovlar o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmayotgani, muxolifat vakili bo‘lgan prezident Salome Zurabishvili esa prezidentlikka yangi saylangan shaxsning inauguratsiyasi kuni o‘z lavozimini tark etishga majbur bo‘lishini ta’kidladi.

29 dekabr kuni Gurjistonda yangi prezidentning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi. Kobaxidzega ko‘ra, Zurabishvili shu kuni o‘z lavozimini topshirishi shart. Ammo Zurabishvili parlamentga yangi saylovlar o‘tkazilishigacha o‘z lavozimda qolish niyatida. Kobaxidze bu amalga oshmaydi, deb ta’kidladi.

Gurjistonda prezidentni xalq emas, parlament saylaydi. Gurjistondagi muxolif partiyalar o‘tkazilgan parlament saylovini boykot qilgan va Markaziy saylov komissiyasiga berilgan partiya ro‘yxatlarini qaytarib olishgan. Yangi shakllangan parlamentda ayni paytda hukumatni tamsil etuvchi «Gurjiston orzusi» partiyasi vakillarigina bor va ular qaror qabul qilish uchun ko‘pchilik ovozga ega.

Bundan bir kun avval Tbilisidagi norozilik namoyishlari fonida Zurabishvili hozirgi hukumatni noqonuniy deb atagan va o‘z vakolatlarini topshirishdan bosh tortgan edi.

Kobaxidze esa 26 oktyabrda o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalaridan kelib chiqib, yangi hukumat shakllantirilgani hamda 12 ta yangi vazir tayinlaganini ma’lum qilgan edi.

Kobaxidze AQShning Gurjiston bilan strategik hamkorlikni to‘xtatish qarori haqida fikr bildirib, Jo Bayden hokimiyatdan ketish arafasida Donald Tramp uchun «og‘ir meros» qoldirishga urinayotganini ta’kidlagan.

U Gurjiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlardagi taranglikni «vaqtinchalik holat» deb baholagan.

Mavzuga oid