O‘zbekiston | 14:58
23058
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligi O‘zbekistondan olib qo‘yildi

Toshkent-2025 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari mezbonligi O‘zbekistondan olib, Bahraynga topshirildi. Osiyo Olimpiya kengashi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bu haqda rasman ma’lum qilgan.

Foto: Kun.uz

2025 yil O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo yoshlar o‘yinlariga mezbonlik qiladigan davlat nomi o‘zgardi. Bu haqda Osiyo Olimpiya kengashi Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

«Osiyo Olimpiya kengashi O‘zbekiston mezbonligida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yoshlar o‘rtasidagi 3-Osiyo o‘yinlari 2025 yilda Bahraynda o‘tkazilishini ma’lum qiladi. Bugun, 2 dekabr kuni o‘tkazilgan tashkilot ijroi qo‘mitasi yig‘ilishida bu haqdagi qaror qabul qilindi», - deyiladi Osiyo Olimpiya kengashi rasmiy axborotida.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va «Toshkent-2025» Osiyo o‘yinlari direksiyasi direktori Oybek Kasimov Osiyo Olimpiya kengashining bu qaroriga hozircha rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Yoshlar o‘rtasidagi yozgi Osiyo o‘yinlari 43 ta xorijiy mamlakatdan, kamida 9 ta sport turidan 14-17 yoshli sportchilar o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.
Ma’lumot uchun, birinchi yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlari 2009 yilda Singapurda, 2013 yilda Nankin (Xitoy), 2017 yilda Xambantotada (Shri-Lanka), o‘tkazilgan bo‘lsa, 2021 yilda Shantau (Xitoy), 2025 yilda Toshkentda o‘tkazilishi belgilangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlari ham da’vogarlik qilishi rejalashtirilgan edi. Ammo O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun ariza topshirmagandi.

Mavzuga oid