Jahon | 01:52
4042
2 daqiqa o‘qiladi

Mango do‘konlar tarmog‘i asoschisi tog‘dagi baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘ldi

71 yoshli Isak Andik Kataloniyadagi Monserrat monastiriga ketishda balandlikdan tog‘ darasiga tushib ketib halok bo‘ldi. Joriy yilda Forbes jurnali uni Kataloniyaning eng badavlat insoni deya tan olgandi.

Foto: Getty images

Ispaniyaning Mango do‘konlar tarmog‘i asoschisi 71 yoshli Isak Andik Kataloniyadagi Monserrat monastiriga ketishda balandlikdan tog‘ darasiga tushib ketib halok bo‘ldi. Bu haqda o‘z manbalariga taynaib, El Pais nashri xabar berdi.

Andikning vafoti haqida Mango kompaniyasi ham e’lon qildi, biroq baxtsiz hodisa qanday holatda yuz berganiga aniqlik kiritilmagan.

«Isak barchamiz uchun namuna edi. U butun hayotini Mango’ga bag‘ishlab, o‘zining strategik qarashlari, ilhomlantiruvchi yetakchiligi va kompaniyamizga o‘zi singdirgan qadriyatlarga sodiqligi bilan o‘chmas iz qoldirdi… Uning ketishi ulkan bo‘shliq paydo qilmoqda, ammo barchamiz qaysidir ma’noda uning merosi va u erishgan yutuqlardan dalolat beruvchilarmiz», — deyiladi kompaniya xabarida.

El Pais’ning yozishicha, Andik tog‘lar, piyoda sayohatlarga qiziqqan va kunni oilasi bilan o‘tkazgan. Andik 100 metrdan ziyodroq balandlikdan qulab tushgani bois uni qutqarishning imkoni bo‘lmagan.

Isak Andik 1984 yilda ukasi Naxman bilan Punto Fa, S.L kompaniyasiga asos solgan, o‘sha yilning o‘zida ular Barselonada birinchi Mango ayollar kiyim do‘konini ochgan. Hozirda brendning 110 mamlakatda 2,7 mingga yaqin do‘koni mavjud. Joriy yilda Forbes jurnali Isak Andikni Kataloniyaning eng badavlat insoni deya tan olgan, shuningdek, u Ispaniyaning eng badavlat insonlar ro‘yxatiga ham kirgan. Andik hamda uning oilasini boyligi 4,5 milliard yevroga baholanadi.