O‘zbekiston | 16:42 / 18.08.2025
6504
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Havo floti kuni munosabati bilan aviashou bo‘lib o‘tdi - fotoreportaj

Mudofaa vazirligi tomonidan Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari kuni munosabati bilan Chirchiq dala-o‘quv maydonida an’anaviy aviashou tashkil etildi. Kun.uz muxbiri ushbu ushbu tadbirdan fotoreportaj taqdim qiladi.

O‘zbekistonda har yili avgust oyining uchinchi yakshanbasi Havo floti kuni sifatida nishonlanadi. Sana munosabati bilan joriy yil 16 avgust kuni Toshkent harbiy okrugiga qarashli Chirchiq umumqo‘shin dala-o‘quv poligonida ko‘rgazmali aviashou o‘tkazildi.

Tadbirda kasb bayramini nishonlayotgan Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, ularning oila a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Dastlab harbiy xizmatchilar tayyorlagan turli sahna ko‘rinishlari, harbiy orkestr chiqishlar o‘tkazildi. Harbiy zirhli texnikalar va ayrim turdagi qurollar tomoshabinlar va ayniqsa, bolalar uchun qiziqarli bo‘ldi.

Shundan so‘ng harbiy uchoqlar minglab yig‘ilgan tomoshabinlar oldidan pastlab uchib o‘tdi. Ta’kidlash joiz, bu safargi aviashouda o‘tgan yillardagidan kamroq chiqishlar kuzatildi.

 

Xususan, tadbirda eng ko‘p ko‘zga tashlangan Aerobus kompaniyasining harbiy modifikatsiyalashgan — H125 va H125M harbiy transport vertolyotlari bo‘ldi.

Shouda SSSR davridagi eng mashhur MI-24 jangovar vertolyotlari ham chiqish qildi.

 

Vertolyotlardan so‘ng Albatros L-39 o‘quv-jangovar samolyotlari osmonda turli manyovrlar amalga oshirdi.

Shuningdek, Il-76 hamda An-26 kabi harbiy transport samolyotlari ham namoyish qilindi.

Kun.uz muxbiri poligonda bo‘lib, aviashoudan fotoreportaj tayyorladi.

 

Rasmlar muallifi: Farrux Absattarov

Mavzuga oid