Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishining borishi bilan tanishdi
Hozir shaharning “tagi” – yerosti muhandislik tarmoqlari qurilyapti. Auksionda sotilgan 13 ta tijoriy lotlar bo‘yicha 554 mln dollarlik investitsiya shartnomalari tuzilgan. O‘ndan ortiq vazirlik va idoralar allaqachon Yangi Toshkentdagi vaqtinchalik obektlarda faoliyat boshlagan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Bu shahar qurilishiga 2023 yilda tamal toshi qo‘yilgan edi. Bugunga kelib ilk inshootlar qad ko‘tarib qoldi. Bunyodkorlik uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer ajratilgan. Loyihaning konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning “Cross-works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 million nafar odam yashaydigan makonga aylanadi.
Hozirgi kunda shaharning “tagi” – yerosti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda. Xususan, bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilyapti. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer ostidan o‘tkaziladi. Shuningdek, transportlarning erkin qatnovi uchun tunnellar va yerosti turargohlari barpo etiladi.

Har bir loyihada zamonaviy yondashuv, mukammal yechim va yashillik e’tiborga olinmoqda. Xususan, ekologik toza transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar harakati muvofiqlashtiriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi.
Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan obektlarda faoliyat boshlagan.

Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Bugungi kunda auksionda sotilgan 13 ta tijoriy lotlar bo‘yicha 554 million dollarlik investitsiya shartnomalari tuzilgan.
Hududdagi qurilish jarayonida 160 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Kelajakda esa shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish o‘rni bo‘ladi. Buning uchun yangi ta’lim va tibbiyot klasterlari, axborot texnologiyalari xizmatlari va texnoparklar tashkil etiladi.
Prezident loyihalarga investitsiyalar jalb etish, dam olish joylari va xizmatlarni qulay yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Mavzuga oid
12:11 / 28.11.2025
Yuridik universitet Yangi Toshkentda zamonaviy kampusga ega bo‘ladi
20:14 / 11.11.2025
Prezident Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli stadion qurilishiga tamal toshi qo‘ydi
21:50 / 29.10.2025
Yangi Toshkent aeroporti qurilishi hududidagi aholi ko‘chiriladi
11:58 / 27.10.2025