Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya urushni hozir to‘xtatmoqchi emas - siyosatshunoslar
Lavrovning Zelenskiyni yana legitim emas deyishi – Rossiya urushni cho‘zishni xohlayotganidan darak beradi, deydi tahlilchilar. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida Alyaska va Vashingtondagi katta uchrashuvlardan keyingi voqealar rivoji haqida so‘z bordi.
Abduvali Soyibnazarov: Rossiya muzokaralar paytida ham Zelenskiyning qonuniyligini tan olmagan edi. Aslida Rossiya uzoq muddatli strategik maqsadlariga hali erishmagan va urushni hozirgi bosqichda tugatishdan manfaatdor emas. Uning asosiy niyati Odessagacha bo‘lgan hududlarni, zarur bo‘lsa Dnestrbo‘yi mintaqasini ham egallash. Shunga qaramay, Rossiya hali Donetsk viloyatini ham to‘liq qo‘lga kiritgani yo‘q. Agar Zelenskiy Donbass masalasida yon bersa, bu Rossiyaga Slavyansk va Kramatorsk kabi mustahkam mudofaa nuqtalarini osonroq egallash imkonini beradi. Keyingi bosqichda esa Rossiya Nikolayev va Odessa tomon yurishi mumkin. Chunki bu hududlarda kuchli mudofaa istehkomlari mavjud emas.
Zelenskiy intervyularida qat’iy pozitsiyani bildirmoqda: “Biz nafaqat Donbassni bermaymiz, balki rus tiliga rasmiy maqom berilishiga ham rozi emasmiz”, deya ta’kidlayapti. Shu sababli ham Sergey Lavrov Zelenskiyning legitimligini yana shubha ostiga qo‘ymoqda.
Bundan tashqari, Rossiya Yevropa tomonidan taklif qilinayotgan xavfsizlik kafolatlarini ham qabul qilmayapti. Unga ko‘ra, Rossiya ishtirokisiz bunday kafolatlar amalda hech qanday qiymatga ega bo‘lishi mumkin emas. Vaholanki, Rossiya allaqachon Ukrainaga bostirib kirgan bir vaqtda, Yevropa yoki Ukraina endi Rossiyaga ishona olmaydi.
Shuhrat Rasul: Alyaskadagi uchrashuvdan keyin Tramp, Zelenskiy va Yevropaning yetti yetakchisi o‘rtasida Vashingtonda muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa qo‘shin yuborishi masalasi ham ko‘tarildi: qo‘shin soni 70-100 ming atrofida bo‘lishi mumkinligi aytildi. Amerika esa bu masalani ko‘rib chiqishini bildirdi. Muzokara chog‘ida Tramp qisqa muddat prezident Putin bilan ham telefon orqali gaplashdi, o‘sha paytda Rossiya tomonidan keskin e’tirozlar bo‘lmadi. Lekin oradan ko‘p o‘tmay, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov intervyusida shunday dedi: “Rossiya ishtirokisiz Ukrainaga hech qanday xavfsizlik kafolati maqbul emas. Bu jarayonda Rossiya ham, Xitoy ham qatnashishi shart”. Biroq Xitoy rasmiylari hozircha o‘z pozitsiyasini aniq bildirmaganini aytdi.
G‘arb esa Ukrainani NATOga a’zo qilmaslikni, biroq NATO shartnomasidagi 5-modda maqomini unga qo‘llashni taklif qilmoqda. Ya’ni agar kimdir Ukrainaga hujum qilsa, kafolat beruvchi davlatlar qurolli yordam ko‘rsatadi. Rossiya esa bunga qarshi chiqib, kafolatni BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi berishi kerakligini talab qilmoqda. Shuningdek, Yevropadan xohlagan davlatlar qo‘shilishi mumkinligini aytmoqda.
Eng bahsli band shunda bo‘ldi: Rossiya xavfsizlik kafolatlariga veto qo‘yish huquqini olishni istamoqda. Bu esa shuni anglatadiki, Ukraina hujumga uchrasa va boshqa davlatlar uni himoya qilmoqchi bo‘lsa, Rossiya shartnoma asosida veto qo‘yib, bu yordamni to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Bunday talab na Yevropa, na AQSh, na Ukraina uchun qabul qilib bo‘lmaydigan darajada bema’ni. Bu talabi bilan Rossiya muzokaralarni yana nollashtirib qo‘ydi.
Kamoliddin Rabbimov: Donald Tramp tashabbusi bilan ikki tomonning uchrashishi va yarashishi uchun urinishlar bo‘ldi, ammo aytish mumkinki, bu tashabbus asta-sekin qadrsizlanmoqda. Chunki global darajada katta umid uyg‘ongan bo‘lsa-da, tomonlarning shartlari bir-biridan hali ham juda uzoq. Bunday vaziyatda ularni nafaqat yarashtirish, balki uchrashuv stoliga o‘tirg‘izishning o‘zi ham mushkul.
Putinning tarafdorlari shuni ta’kidlamoqda: “Avvalo, Ukraina bilan kun tartibimizni aniq qilib olaylik, keyin uchrashishimiz mumkin”, deyapti. Demak, urushni yaqin kelajakda to‘xtatish imkoniyati juda past.
So‘nggi bir hafta ichida Ukraina Rossiyaning neft sanoatiga jiddiy zarba berdi va hatto Rossiyaning neft eksport salohiyatining qariyb 10 foizi yo‘qotildi. Bu hujumlarni Donald Tramp ham, AQSh ham keskin tanqid qildi. Lavrovning bayonotlari ham shuni ko‘rsatadiki, Rossiya hozircha uchrashuvni reja qilmayapti. Ular: “Zelenskiy legitim emas, agar Ukraina bizning shartlarimizni qabul qilmasa, biz avvalgi pozitsiyamizga qaytamiz”, degan pozitsiyani ilgari surmoqda.
Suhbatni YouTube'da batafsil tomosha qilishingiz mumkin
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:53
🔴 LIVE: Xitoy Rossiyaga ta’sir qiloladimi? | "Geosiyosat"
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025