Jamiyat | 14:33 / 27.08.2025
1338
2 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘al oilalardagi ishsizlar kasblarga bepul o‘qitiladi

Vazirlar Mahkamasining "Davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini jalb qilgan holda vaucher asosida kasb va xorijiy tillarga o‘qitish tizimini joriy qilish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning "2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi kasbiy ko‘nikmalar markazlarida ish beruvchilar buyurtmasi asosida ishsiz aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etilmoqda.

Bunda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bor shaxslarga, shuningdek muddati uch oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.

Stipendiyalarni to‘lab borish tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.

Hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi kasb va xorijiy tillarga o‘qitish uchun vaucher berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:

  • ishsizlar, shu jumladan, "Kambag‘al oilalar reyestri"ga kiritilgan oilalarning ishsiz a’zolari yoki rasmiy daromadga ega bo‘lmagan ish qidirayotgan shaxslarni kasb va xorijiy tillarga o‘qitish xarajatlarini vaucher tizimi asosida qoplab berish tartibi;
  • vaucher tizimi asosida o‘qitadigan ta’lim tashkilotlari reyestrini shakllantirish;
  • vaucher berish va undan foydalanish, shuningdek, vaucher tizimi asosida davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini moliyalashtirish tartibi.

Ta’lim va fan vazirligi ecosys.mehnat.uz tizimida ishsizlarni vaucher tizimi asosida o‘qitadigan ta’lim tashkilotlarining elektron reyestrini yuritadi. Shu yerda mazkur ta’lim tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar e’lon qilinadi.

Ta’lim tashkilotlari vaucher tizimidan foydalanish uchun elektron reyestrda ro‘yxatdan o‘tishlari shart.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid