O‘zbekiston | 13:53 / 12.09.2025
854
4 daqiqa o‘qiladi

Islohotlarni huquqiy ta’minlashda vazirlik va idoralar mas’uliyati oshiriladi

Prezidentning «Islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning mas’uliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Ushbu hujjat norma ijodkorligi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, huquqiy tartibga solish samaradorligini oshirish va vazirlik hamda idoralarning mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan.

Hujjatning asosiy vazifalari: 

• ijtimoiy munosabatlarni o‘z vaqtida va samarali huquqiy tartibga solishni ta’minlash orqali huquqiy bo‘shliqlarni minimallashtirish va qonunchilik bazasining sifatini oshirish; 
• amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy poydevorini mustahkamlash orqali ularning barqarorligi va samaradorligini ta’minlash; 
• norma ijodkorligi va idoraviy hujjatlar qabul qilish sohasida vazirlik va idoralarning mustaqilligi va tashabbuskorligini kuchaytirish; 
• normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish jarayonlarini soddalashtirish, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish.

Davlat siyosatini amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan vazirlik va idoralar yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjatlarda alohida qayd etilmasada, mustaqil ravishda idoraviy NHH qabul qilishi mumkin. Bu esa hujjatlarning tezkor qabul qilinishi va amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlaydi.

Barcha idoraviy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi shart. Faqat davlat sirlari saqlangan holatlar yoki amaldagi qonunchilikka moslashtirish uchun qabul qilinadigan hujjatlar bundan mustasno.

Farmonga muvofiq: 

  • idoraviy hujjatlarni qabul qilish muddati, agar yuqori yuridik kuchga ega hujjatlarda boshqacha muddat belgilanmagan bo‘lsa, ikki oy etib belgilandi; 
  • jamoatchilik muhokamasi 10 kun davom etadi, agar 5 kun ichida taklif yoki e’tirozlar kelib tushmasa, loyiha Adliya vazirligiga huquqiy ekspertiza uchun yuboriladi; 
  • huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi; 
  • zarur hollarda hujjatni o‘rganish muddati 10 kungacha uzaytirilishi mumkin; 
  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish muddati 30 kundan 15 kunga qisqartirildi.

Adliya vazirligi idoraviy hujjatlar loyihalarini konstitutsiya, qonunlar va boshqa NHH talablariga muvofiqlashtirish maqsadida tahrir etish va qayta ishlash huquqiga ega.

Adliya vazirligi idoraviy NHH loyihalarining ishlab chiqilishi, kelishilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi jarayonlari bo‘yicha doimiy monitoring olib boradi hamda uning natijalari yuzasidan har chorakda prezident administratsiyasi va vazirlar mahkamasiga axborot taqdim etadi.

Farmon bilan 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan ayrim qonun hujjatlarini amalga oshirish mexanizmlarini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va qonunchilikni to‘liq amalga oshirish mexanizmlari bilan ta’minlashga qaratilgan.

Belgilangan muddatda amaldagi qonunchilikka moslashtirilmagan idoraviy NHH Adliya vazirligi tomonidan idoralar normativ-huquqiy hujjatlari davlat reyestridan chiqariladi.

Bundan tashqari, loyiha ilk kelishilganidan so‘ng 30 kun ichida idoraviy hujjat qabul qilinishi shartligi haqidagi talab bekor qilinadi. Bu normaning chiqarilishi ortiqcha vaqtinchalik cheklovlarni bartaraf etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish