Jahon | 19:06 / 16.09.2025
4770
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlaganlik uchun jazo kuchaytirildi

Ilgari «o‘g‘ri» o‘z qurbonini ixtiyoriy ravishda qo‘yib yuborgan bo‘lsa, jazodan qutulib qolishi mumkin edi. Endi aybdor shaxs qizni ozod qilgan yoki qilmaganidan qat’i nazar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Foto: Tengrinews

Qozog‘istonda nikohga majburlaganlik va kelin o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi, deb xabar berdi mamlakat Ichki ishlar vazirligi.

Masalan, ilgari «o‘g‘ri» o‘z qurbonini o‘z ixtiyori bilan qo‘yib yuborgan bo‘lsa, jazodan qutulib qolishi mumkin edi. Endi bunday band chiqarib tashlandi, aybdor shaxs qizni ozod qilgan yoki qilmaganidan qat’i nazar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

«Endi bu imkoniyat istisno qilindi: jabrlanuvchi ixtiyoriy ravishda ozod qilingan taqdirda ham aybdor shaxs javobgarlikka tortiladi», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Qozog‘istonda nikohga majburlash bo‘yicha Jinoyat kodeksining 125-1-moddasi kiritildi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda eng ko‘p jazo o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bo‘ladi.

«Agar bunday harakat (nikohga majburlash) ehtiyotsizlik orqasida og‘ir oqibatlarga olib kelsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. Majburlash zo‘ravonlik bilan, voyaga yetmaganlarga nisbatan, giyohvandlikdan foydalangan holda, bir guruh shaxslar tomonidan yoki xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, yanada og‘irroq jazo nazarda tutiladi», deb aniqlik kiritdi huquqni muhofaza qilish organlari.

Nikohga majburlaganlik uchun jarima, axloq tuzatish ishlari yoki jamoat ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Jinoyatning holatiga qarab, jarimadan tortib ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo nazarda tutiladi.

Qozog‘istonda kelin o‘g‘irlaganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish 2023 yilda taklif qilingan edi. Shu vaqtda ombudsman idorasi Qozog‘istonda hali ham qizlarni o‘g‘irlash amaliyoti mavjudligini ta’kidlagan edi. Bir qator hollarda bu jinsiy daxlsizlikning buzilishi, tahqirlash, qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilish va o‘z joniga qasd qilishga olib kelgan.

Ombudsman so‘zlariga ko‘ra, ayollar bunday jinoyatlar haqida xabar bera olmagani, erkaklar esa bunday harakatlarning noqonuniy ekanidan bexabarligi vaziyatni murakkablashtirgan.

Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistonda majburiy nikoh tuzish maqsadida ayollarni o‘g‘irlash uchun jinoiy javobgarlik allaqachon joriy etilgan.

Mavzuga oid